Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv toshqinidan talofat ko‘rgan bolalar bog‘chasi qayta tiklandi
15:58 / 2021-01-07

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Navbahor mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Sardoba” suv toshqinidan talofat ko‘rgan 11-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti buxorolik quruvchilar tomonidan kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

Bundan salkam 35 yil muqaddam qurilib, anchagina nurab qolgan 11-sonli MTT toshqinidan so‘ng yanada ayanchli ahvolga kelib, u yerdagi jihozlar foydalanishga butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgan edi.  

Texnogen holatdan ko‘rilgan talofatlarni bartaraf etish uchun Buxoro viloyatidan kelgan “Salomov Usmon Astanovich” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 3 milliard 500 million so‘m sarf-xarajat qilib, maktabgacha ta’lim tashkilotini to‘liq kapital ta’mirdan chiqardi.  

Foydalanishga topshirilgan MTTda barcha qulayliklar yaratilib, zamon talablari darajasidagi qattiq, yumshoq bolalar mebellari, turli o‘yinchoqlar, o‘zbek va jahon xalqlari ertak kitoblari, musiqa cholg‘u asboblari, sport va boshqa zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda Sirdaryo viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi, tuman hokimligi, mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Qur’on tilovat qilib, o‘tganlar yod etildi. Yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab, turli balo-qazolardan asrashligi, Yurtboshimizning aziz boshlari omon bo‘lishini Yaratgandan so‘rab, duolar qilindi. Shundan so‘ng jonliq qurbonlik qilinib, uning go‘shti shu mahalladagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga ehson qilindi.  

Tantanali ochilish marosimda, suv toshqinini bartaraf etishda va mazkur maktabgacha ta’lim muassasasini kapital ta’mirlashda fidoiylik ko‘rsatgan “Salomov Usmon Astanovich” MCHJ rahbari G‘ulomjon Aminov, ish boshqaruvchi Azimjon Rizayev hamda qurilish ishlarida faollik ko‘rsatgan quruvchilarga tuman hokimligi hamda maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan zarbob to‘n va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Qayta faoliyatini boshlagan ushbu MTTda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 175 nafar bolajonlar yosh toifasiga qarab 7 ta guruhga bo‘lindi. Ularga 42 nafar malakali mutaxassislar ta’lim-tarbiya berish bilan birga, MTT qoshidagi rus va ingliz tillari, musiqa, tasviriy san’at, jismoniy tarbiya va boshqa to‘garaklarida ham saboq berib boriladi.

– Tumanimizda salkam 7 mingga yaqin 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar istiqomat qiladi, – deydi Mirzaobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Eldor O‘rolov. – Ayni paytda, 17 ta davlat, 2 ta davlat sherikchiligi asosidagi xususiy va 54 ta nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritib, ularda xalqimizning jami 6 ming 400 nafar farzandlariga ta’lim-tarbiya berilmoqda.  

 

bugungi kunda, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning MTTlar bilan qamrab olinish darajasi 71 foizni tashkil etib, joriy yilda tumanimizda yana 2 ta davlat tasarrufidagi va 1 ta davlat sherikchiligi asosidagi xususiy MTT qurilib foydalanishga topshirilsa, bolalarini qamrab olinishi 80 foizdan ortadi. 2023 yilga borib esa 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 100 foiz to‘liq qamrab olinadi.  

A.QAYUMOV,  F.TOSHMATOV (surat), O‘zA