Suv toshqini qurbonlarining soni ortib bormoqda
Pekinda kuchli yomg‘irlar sabab bo‘lgan suv toshqini qurbonlari soni 33 kishiga yetdi, yana 18 kishi bedarak yo‘qoldi, deb xabar bermoqda shahar hokimi o‘rinbosari Sya Linmao. Avvalroq 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
“Afsuski, 8 avgust kuni soat 24:00 holatiga ko‘ra, shaharda sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi. O‘limga asosan suv toshqini va turar-joy binolarining vayronagarchiliklari sabab bo‘lmoqda”, Sya Linmaoning so‘zlarini keltirib o‘tdi Xitoy markaziy televideniyesi.
Unga ko‘ra, 18 kishi bedarak yo‘qolgan. Jami 1,29 million kishi suv toshqinidan jabr ko‘rgan, 59 ming uy qulagan, 147 ming kishi jiddiy zarar ko‘rgan. Moddiy zarar hisoblab chiqiladi.
Avvalroq Xitoyning shimoliy hududlarida jala yog‘di. O‘tgan hafta Pekin va uning atrofidagi Xebey provinsiyasida kuchli yomg‘ir yog‘di. Xitoy poytaxtida yog‘ingarchilik miqdori 140 yillik rekordlarni yangiladi.
O‘zA