Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv – tekin emas, undan tejab foydalanish lozim
18:25 / 2023-12-11

Prezidentimiz joriy yilning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida keng jamoatchilikni jalb etgan holda viloyatda “Suv – tekin emas” degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

Shunga muvofiq vohadagi har bir mahalla ahliga mazkur g‘oyani singdirish va uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, keng jamoatchilik bilan birga iste’molchilarning kundalik turmush qoidasiga aylantirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayni paytda suvni asrash, uni isrof qilmaslik va kelgusi avlodlarga yetkazish mavzulariga bag‘ishlangan maqola, roliklar tayyorlanib, mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish yo‘lga qo‘yildi.  

Viloyatning bir guruh nuroniylari va jamoat tashkilotlari vakillari voha ahliga mavjud obi-hayotdan tejab foydalanish hamda uni isrof qilmaslik yuzasidan murojaat ham qabul qildi. Murojaatda suvning inson hayotidagi o‘rni va keyingi yillarda dunyoda toza ichimlik suvi zaxiralarining kamayib borayotgani, ajdodlarimizning obi-hayotni tabarruk ne’mat sifatida ulug‘lab, uni isrof qilmasdan foydalangani va suv taqchilligi kuzatilayotgan viloyatda ham endilikda har qatrasini tejab sarflash barchaning insoniy burchi ekani qayd etilgan.  

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning farovon hayotini, turmush obodligini ta’minlashga qaratilgani haqida so‘z yuritilib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham suv resurslarini tejash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi o‘ta dolzarb vazifa sifatida belgilab berilgani bejiz emasligi ta’kidlangan. Shuningdek, viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligida suv resurslarini tejash borasida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.  

– Bugun barchamiz dunyodagi “kiprikdagi yoshday qalqib turgan” vaziyatni xavotir bilan kuzatib turibmiz, – deyilgan jumladan murojaatda. – Shular qatorida suv tanqisligi ham butun olamda global muammoga aylanib bormoqda. Afsuski, bu masala bizning mintaqamizni ham chetlab o‘tmayapti. Prezidentimiz bu haqida har bir chiqishlarida, xalqaro anjumanlarda fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Davlatimiz tomonidan bu borada foydali va samarali choralar ko‘rilyapti. Ammo, atrof-muhitga, tabiat ne’matlariga, jumladan, suvga insof bilan munosabatda bo‘lish, uni tejash, isrof qilmaslik aholimizga, har birimizga bog‘liq masala bo‘lib qolyapti. Ona tabiatni, suv resurslarini asrash, uni kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish, kelgusi avlodlarning ham bebaho ne’matlardan bahramand bo‘lishini ta’minlash masalalariga qaratilgan murojaat “Surxon tongi” viloyat gazetasida chop etilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatildi.  

Viloyat faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari endilikda har bir mahallada mazkur g‘oyani aholi ongu-shuuriga singdirib, suv tejamkorligiga erishish uchun joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini boshlaydi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri