Mintaqamizda suv yildan yilga tanqis bo‘lib borayotgan sharoitda muammoning eng maqbul yechimi –suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish ekanini hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, suv tejovchi texnologiyalarning tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulda sug‘orish usullari dehqonlarimiz o‘rtasida ommalashib bormoqda. Bunda davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar muhim o‘rin tutmoqda.
Shu talablar asosida Prezidentimizning 2026 yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan bu borada yangi tartiblar va imtiyozlar joriy etilmoqda.
Xo‘sh, ushbu qarorda qanday yangi tartiblar va imtiyozlar ko‘rsatib o‘tilgan? Bu savolga Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Suyunov quyidagicha javob berdi:
– Qarorda 2026-2028 yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Jumladan, 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash ko‘zda tutilgan. Natijada suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga har yili 5 milliard metr kub suv resurslarini tejashga erishiladi.
2026 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni kengaytirish uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari yo‘naltiriladi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va undan foydalanish bo‘yicha Xitoyning Shinjon tajribasi asosida mutaxassis kadrlar malakasini tizimli oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy qilinadi. Unga ko‘ra, 2027 yildan boshlab har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi. Suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda ajratiladigan subsidiyalar 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda hisoblanadi. Suv bilan barqaror ta’minlangan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda esa suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Mazkur hujjatga binoan 2027 yildan boshlab sholi yetishtiriladigan maydonlarning suvning kirish qismiga hamda baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suvning kirish va chiqish qismiga tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mablag‘lari hisobidan “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatishi majburiy etib belgilanadi. Bunda “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatilmaganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi. Mazkur vositalar Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi, baliqchilik xo‘jaliklari foydalanilishida bo‘lgan baliq yetishtirish ob’ektlariga esa faqat Suv xo‘jaligi vazirligining tegishli xulosasi bo‘lgan taqdirda suv limiti ajratiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda ta’minotchi korxonalar va tashabbuskorlarga suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi, ya’ni GPS-treker o‘rnatish tizimi joriy etiladi. QR-kodda ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi, mahsulot ishlab chiqarilgan sana, mahsulot yetkazib berilgan sub’ekt nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami aks ettirilishi lozim bo‘ladi.
Qarorda moliyaviy resurslar va imtiyozlar ham belgilab berilgan. 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Unga muvofiq, loyiha tashabbuskori tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun belgilangan minimal talab va me’yorlar doirasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.
Suv tejovchi texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilganidan so‘ng hisob-kitob qilingan subsidiya mablag‘larining qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskoriga to‘lab beriladi. Agar dastlabki 50 foiz to‘lab berilganidan so‘ng ikki oy muddat ichida texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmasa, ajratilgan subsidiyalar belgilangan tartibda qaytariladi.
Muxtasar aytganda, ushbu qaror respublikamizda mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish va bu boradagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.