Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish – dolzarb vazifa
16:31 / 2023-09-29

Yildan yilga aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Taxminlarga qaraganda, o‘rtacha yillik harorat 2 darajaga ko‘tarilsa, muzliklarning erishi 50 foizga, agarda 4 darajaga ko‘tarilsa, bu ko‘rsatgich 78 foizgacha yetadi.

Eng ko‘p suv talab etiladigan sohalardan biri esa, shubhasiz, qishloq xo‘jaligi sohasidir. Demakki, suv taqchilligi muammosi yuzaga kelayotgan bir vaqtda undan oqilona va tejagan holda foydalanish darkor.

Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Qiziltepa tumaniga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida press- tur tashkil etildi.

Bugungi kunda Qiziltepa tumanida 32 ming 360 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydoni mavjud bo‘lib, uning 7, 1 ming gektarini paxta, 10 ming 972 gektarini g‘alla va 14 ming 288 gektarini boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari va aholi tomorqalari tashkil etadi.

– Tumanimizda sug‘oriladigan ekin yerlarining 3 ming 323 gektar qismida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan, – deydi “Toshrabot – O‘rtacho‘l” irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i Adham Fattoyev. – Shundan 2023 yilda 1080 gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. 2019-2023 yillar mobaynida suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orilgan yerlarga sarflangan suv miqdori 50 foizga tejalishi natijasida qariyib 15 million kub metr suv iqtisod qilindi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, egatlab sug‘orish jarayonida bir gektar g‘o‘za uchun taxminan 5 ming metr kub suv, 650 kg azot, 150 kg fosfor, 100 kg kaliy ishlatiladi va mineral o‘g‘itlarning 25-30 foizini o‘simlik o‘zlashtiradi. Qolgan qismi esa havoga bug‘lanadi va suv bilan birga tashlamaga hamda yer osti sizot suvlariga chiqib ketadi. Suv tejovchi uskunalarning joriy etilishi esa mineral o‘g‘itlar sarfini ham 50 foizgacha qisqartirish imkonini beradi. Shuningdek, begona o‘tlar qo‘shimcha oziqlantirilmaganligi va ularning urug‘i pishib yetilmaganligi sababli maydon bo‘ylab tarqalishi kuzatilmaydi. Natijada 2-3 yilda ekin maydoni begona o‘tdan butunlay tozalanadi.

Tomchilatib sug‘orish tizimining joriy etilishi natijasida suv va mineral o‘g‘itlar bilan ishlov berishdan tashqari boshqa resurslar ham tejaladi. Jumladan, dalani sug‘orishga tayyorlash, suvni boshqarish va egatlar orasida nazorat qilib yurish shart emas. Dala kultivatsiya qilinmaydi va o‘q ariq olinmaydi. Odatdagi usulda dalaga traktor 25-30 marta kirsa, tomchilatib sug‘orilganda tuproq qotib ketmasligi va o‘g‘it suv bilan berilganligi bois 6-7 marta kiradi, xolos. Natijada mavsum davomida har gektar maydondan 50-60 foizgacha dizel yoqilg‘isi tejaladi. Shuningdek, mehnat unumdorligi oshib, ishchilar soni qisqaradi va ish haqi xarajatlari iqtisod qilinadi.

Albatta, hosilning erta pishishi, namlikning o‘simliklar ildiz tizimiga aniq tushishi va o‘g‘itlarni o‘zlashtirish samaradorligi ortishi hisobiga xarajatlarning ekin turiga qarab bir gektar uchun 30-70 foizgacha kamayishi dehqonning daromadi ko‘payishi deganidir. Shuningdek, ekin hosildorligining ko‘payishi va yetishtirilgan mahsulotning sifatli bo‘lganligi ham o‘z-o‘zidan daromad oshishiga olib keladi.

Ayni paytda “Anvar bobo yangi zamini” fermer xo‘jaligida 15 gektar maydonga g‘alla ekilib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etilmoqda.

– Fermer xo‘jaligimiz joriy yilda tashkil etilgan bo‘lib, mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga qaror qildik, – deydi fermer Anvar Fattoyev. – Buning uchun bankdan 250 million so‘m imtiyozli kredit oldik. Kreditimizning 5 foizi maxsus jamg‘armadan qoplab beriladi. Shuningdek, har bir gektar maydonga 8 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bu ham biz fermerlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan biridir.  

“Toshrabot – O‘rtacho‘l” irrigatsiya tizimi boshqarmasi tasarrufida Abomuslim, Yangiariq, Zarmetan, Malikobod, O‘rtacho‘l va Navoiy kanal uchastkalari mavjud bo‘lib, ekin yer maydonlarini suv bilan ta’minlashda 21 ta xo‘jaliklararo kanalning uzunligi 193,1 km.ni tashkil etadi. Ularda 214 ta gidrotexnik inshoot va 103 ta gidropost mavjud.

[gallery-13800]

– Abomuslim kanali sekundiga 15 metr kub suv o‘tkazish imkoniyatiga ega, - deydi boshqarma boshlig‘i A.Fattoyev. – Kanal orqali G‘oridevon, Bo‘ston, Oq oltin, Vang‘ozi hududlaridagi 7 ming 974 gektar ekin maydonlari sug‘oriladi. Bu hududlarga kanaldan chiquvchi 6 ta suv taqsimlash inshooti orqali xizmat ko‘rsatiladi.

Press-tur yakunida matbuot anjumani tashkil etilib, OAV vakillari tumanda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA