Suv tejovchi texnologiyalar uchun butlovchi qismlar
Fargʻona viloyatida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.
Fargʻona viloyatida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda. “Palma invest plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati bu borada istiqbolli loyihani ishga tushirdi.
Yangi tarmoqda bir kunda 4 tonnadan ortiq 16 dan 400 diametrgacha boʻlgan polietilen quvurlar, tomizgʻichli lentalar tayyorlanadi. Bu yerga 360 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilib, zamonaviy ishlab chiqarish jihozlari olib kelindi, 20 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
– Mahsulotlarimizga boʻlgan talab kun sayin ortib bormoqda, –deydi ish boshqaruvchi Nodirbek Nishonov. – Har bir fermer, dehqon xoʻjaligi talab va istaklarini hisobga olib mahsulot ishlab chiqaramiz, texnologiyalarni ekin maydonlariga joylash, ishga tushirishda yordam beramiz.
Suv muammosi yildan-yilga dolzarb boʻlib borayotgan bir pallada tomchilatib sugʻorish nafaqat suvni tejash balki ekin maydonlari strukturasini yaxshilash, hosildorlik salmogʻini oshirish orqali iqtisodiy samaradorlikka olib keluvchi jihatlari bilan ajralib turadi. Ayni kunda tadbirkorlar tomonidan suv tejovchi texnologiyalar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish maqsadida 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Shu kunga qadar tomchilatib sugʻorish jihozlari uchun kerakli boʻlgan butlovchi va ehtiyot qismlarning asosiy qismi chetdan olib kelingan. Bu koʻp vaqt, ortiqcha mablagʻ talab etardi. Yangi ishlab chiqarish tarmogʻi bu boradagi ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berdi, mahsulot tannarxini 15 foizgacha arzonlatdi, yuzdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
– 2021-yilda viloyatdagi 30 ming 200 gektar maydonda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish borasida ishlar boshlab yuborildi, – deydi “Sirdaryo – Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Allamjon Fozilov. – Bu maqsadlar uchun 400 milliard soʻm sarmoya jalb etilmoqda. Shu kunga qadar ekin dalalariga suv yetib borishi uchun toʻrt soat vaqt kerak boʻlgan. Bu isrofgarchilik, ortiqcha xarajatlardan tashqari, ekin maydonlari meliorativ holatining yomonlashuviga olib kelgan, hosildorlik, mahsulotlar sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Suv tejovchi yangi texnologiyalar suv va elektr energiya sarfini deyarli ellik foizgacha iqtisod qiladi.
Viloyatda 360 ming gektar sugʻoriladigan maydonlar bor. Vegetatsiya davrida ekinlarni suvga qondirish uchun 3 milliard 700 million kubdan ortiq suv talab etiladi. Tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan foydalanganda suv sarfi teng yarimga tejaladi.