Sayxunobod tumanida suv tejovchi zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir “Dah poly tex” mas’uliyati cheklangan jamiyatining dala maydonida bo‘lib o‘tdi va unda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi tizimlarni keng joriy qilish borasidagi ilg‘or tajribalar namoyish etildi.
Seminarda tumanda faoliyat yuritayotgan klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agrar sohadagi mutaxassislar hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Ularga “Dah poly tex” MCHJ tomonidan 100 gektar yer maydonida joriy etilgan zamonaviy sug‘orish tizimlari amaliyotda ko‘rsatib berildi. Xususan, maydonning 50 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish, qolgan 50 gektarida esa tomchilatib sug‘orish texnologiyasi tatbiq qilingan bo‘lib, bu tizimlar Xitoy tajribasi asosida mahalliy sharoitga moslashtirilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiyalar orqali sug‘orishda suv sarfi sezilarli darajada tejalmoqda, hosildorlik ko‘rsatkichlari oshmoqda, mehnat unumdorligi esa yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, yerning unumdorligi saqlanib, suv ta’minotiga bog‘liq xavf-xatarlar kamaymoqda.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan suv tejovchi tizimlarning iqtisodiy va ekologik afzalliklari muhokama qilindi, amaliyotdagi qiyinchiliklar va imkoniyatlar haqida fikr almashildi. Savol-javoblar jarayonida ishtirokchilar o‘ziga kerakli tavsiya va tushuntirishlarni oldilar.

Tadbir yakunida mutasaddilar suv tejovchi texnologiyalarning samaradorligini hisobga olgan holda ularni yanada kengroq joriy etish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, fermer va klasterlarning zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish salohiyatini oshirish, suv resurslarini oqilona boshqarish va kelgusida har bir hududda shunday ilg‘or tajribalarni keng tarqatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri