Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejovchi texnologiyalar: qulay va tejamkor
10:51 / 2021-01-14

Farg‘ona viloyatida suv tejovchi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun qiziqish katta. Buning sababi bor albatta. 80-90 foiz suv mamlakatimizga chetdan kirib keladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Farg‘ona viloyati bo‘yicha 95-98 foizni tashkil qiladi.

Yer ostidan chiqadigan ba’zi buloqlarni hisobga olmasa, sug‘orma suvlar asosan Qirg‘iziston va Tojikistondan kirib keladi. 2020 yilning yozgi sug‘orish mavsumida kuzatilgan suv tanqisligi fermerlarimizni yanada hushyorlikka chaqirdi. Shu yili bu texnologiyalardan foydalangan fermerlar suv tanqisligini sezishmadi.  

Masalan, Farg‘ona tumanidagi “Dashtda gul” fermer xo‘jaligi, “Fergana oceana” klasteri, Rishton tumanidagi “Mavzuna zamini” fermer xo‘jaligi, Qo‘shtepa tumanidagi “Fergana global tekstil” paxtachilik klasteri suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llab, paxta hosildorligini gektariga 10-15 sentnerga, daromadni esa shunga yarasha 1,5-2 barobarga oshirishga erishdilar.

Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga qilgan Murojaatida aytgan 2021 yilda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish to‘g‘risidagi fikrlari viloyat suv tizimi va qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun ayni muddao bo‘ldi. Bugun, joriy yilning 13 yanvar kuni Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bo‘lib o‘tgan suv xo‘jaligi mutaxassislari, konsultantlar va fermerlarning malakasini oshirish bo‘yicha sayyor o‘qitish kurslarida aynan shu mavzudagi dolzarb muammolar muhokama qilindi, galdagi vazifalar belgilab olindi.  

Tadbir Suv xo‘jaligi vazirligining Axborot-tahlil va resurs markazi tomonidan havza boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda viloyatdagi irrigatsiya tizimi boshqarmalari, tuman irrigatsiya bo‘limlari, shuningdek, Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, Meliorativ ekspeditsiyasi, Suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi xodimlari, tuman SIU rahbarlari, quruvchi korxonalar hamda fermerlar qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari 10 dan ortiq quruvchi korxonalarning ko‘rgazmaga qo‘ygan suv tejovchi texnologiyalarini ko‘rishdi. O‘quv mashg‘ulotida Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Halimjon Umarov, viloyat prokurorining o‘rinbosari Farhodjon Ismoilov, Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Allamjon Fozilov, Andijon qishloq xo‘jaligik va agrotexnologiyalar instituti professori Anvarjon Isashev, shu institut dotsenti Omonullo Sobitovlar so‘zga chiqdi. O‘quv kurslari davomida suvni tejovchi texnologiyalarning hosildorlikni oshirishdagi afzalliklari, iqtisodiy samarasi, yer tanlash, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, yangi texnologiyalarni joriy etishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, servis xizmati, Prezidentimiz Murojaatnomasida keltirilgan soha oldidagi vazifalar va boshqa bir qancha masalalar yuzasidan savol-javoblar bo‘ldi.  

Hamidjon BURHONOV, O‘zA