Iqlim o‘zgarishlari, aholi sonining oshishi, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi suvga bo‘lgan talab yildan-yilga o‘sib borishiga olib kelmoqda. Shu bois, qishloq xo‘jaligida mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda tejamkor zamonaviy sug‘orish agrotexnologiyalarini keng joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklarining axborotlari eshitildi. Unda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ularni ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi qabul qilingan edi. Qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda to‘liq suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan bo‘lib, so‘nggi yillarda respublika bo‘yicha 2,1 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan.

Qishloq xo‘jaligida lazerli yer tekislash agregatlari joriy etilishi suv sarfini kamaytirish bilan birga tuproq sho‘rlanishini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Suv tejovchi texnologiyalar mineral o‘g‘itlarni, yoqilg‘i-moylash materiallarini tejash bilan birga hosildorlikni oshirish imkonini ham bermoqda.

2019 yildan boshlab suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash natijasida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 80 foizga yetgan.
Muhokamalar davomida deputatlar Qashqadaryo, Andijon va Buxoro viloyatlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida jamoat nazorati natijasida aniqlangan bir qator kamchiliklarni aytib o‘tdilar. Xususan, suv tejovchi texnologiyalarga subsidiya ajratish masalasi yilning fevral-mart oylarida hal etilayotgani sababli bunday texnologiyalarni o‘rnatish ishlari kechikishi, natijada ekinlarni dastlabki sug‘orishlarda ushbu texnologiyadan foydalanish imkoni bo‘lmayotgani, suv tejovchi texnologiyalar qisqa muddatda ishdan chiqayotgani kabi masalalar o‘rtaga tashlandi. Bu borada mutaxassislar malakasini oshirish va mazkur texnologiyalardan foydalanishda ularning ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA