Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida “Suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari, namunali betonlashtirish ishlari hamda yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi suv xo‘jaligi tashkilotlari, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutaxassislar hamda quruvchi-pudrat korxonalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyev, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi H.Mardonovlar so‘zga chiqishib, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan suv xo‘jaligi sohasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, behuda sarflanishining oldini olish, suv yo‘qotishlarni kamaytirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqqanligini e’tirof etishdi.
Prezident qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 – 2028 yillarga mo‘ljallangan dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida har bir hududda amalga oshiriladigan ishlar keng muhokama etildi.
Shuningdek, tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov, Beruniy tumani hokimi I.Xidirov va boshqa mutasaddilar ham so‘zga chiqishib, kuzgi-qishki tadbirlar doirasida sug‘orish tarmoqlarini tozalash, betonlash va suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish borasidagi tadbirlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Seminarda ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2019-2025 yillarda 69 ming 233 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi, 221 ming 208 gektar maydon lazerli mashinalar yordamida tekislandi. Bu o‘z navbatida suv miqdorlarini iqtisod qilish va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanib, xosildorlikni oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot berilishicha, suvdan foydalanilmagan vaqtlarda mazkur uskunaning quyosh panellari orqali xonadonlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin. Natijada oila uchun xarajatlar kamayadi. Shuningdek, mazkur uskunada dehqon-fermerlarning maishiy ehtiyojlari uchun dala sharoitida muzlatkich, ichimlik suvidan foydalanish, kichik o‘lchamda oshxonani yoritish, mobil aloqa texnikasini quvvatlantirish imkoniyatlari mavjud. E’tiborlisi mobil sug‘orish tizimi 15 gektar maydonni sug‘orishi mumkin.
Tadbirda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida sug‘orish tarmoqlari atrofiga kuzgi ko‘chat ekish tadbirlari boshlangani va bu ishlarda ham barcha birdek faol ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi. Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri va boshqa mas’ullar daraxt ko‘chatlarini ekishdi.
[gallery-25939]
Ma’lumki, Prezidentimizning 2025 yil 15 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorida mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ularning behuda sarflanishining oldini olish bo‘yicha iste’molchilarning huquqiy ongini va madaniyatini oshirish maqsadida joylarda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini tashkil etish hamda ularning ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilishini ta’minlash belgilangan.
Shunga ko‘ra, seminar dorasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur ham tashkil etildi. Jurnalistlar tumanning Maxtumquli ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Durdibayev Tajimurod” fermer xo‘jaligi dala maydonlarida joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalarni, suv yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, ichki ariqlarga qo‘llanilayotgan quruq beton to‘shamasi, kollektorlarni qamish va boshqa o‘simliklardan tozalash jarayonlari hamda kollektor bo‘yida o‘rdak boqishni tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yckcRtvva5M" title="Suv tejovchi texnologiyalar ko‘lami kengaymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA