Navoiy viloyati Navbahor tumanida suvni tejash texnologiyalaridan samarali foydalanish mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Barcha tumanlardan soha mutaxassislari ishtirok etgan seminarda Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan joriy yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tartiblari belgilanganligi ta’kidlandi.

Mazkur qarorga ko‘ra, joriy yilda Respublika bo‘yicha 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, shu jumladan, 230 ming gektar tomchilatib, 28 ming gektar yomg‘irlatib, 2 ming gektar diskret usulda sug‘orish hamda 218 ming gektar maydonni lazerli tekislash belgilangan. Bunda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan subsidiyalar miqdori suv tejovchi tizimning sifatidan kelib chiqib belgilanadi hamda hisob-kitob qilingan summaning 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi. Qolgan 50 foizi esa kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga to‘lab beriladi.
Qaror doirasida ajratiladigan barcha subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan berilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmasligi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘ng ruxsat etiladi.

Joriy yilda Navoiy viloyatida 16 ming 403 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Shundan 10 ming 700 gektariga paxta, 2 ming gektariga bog‘ va 1,2 ming gektariga tokzor va boshqa ekinlar ekiladi. 2021 yilda viloyat bo‘yicha jami 291 ta fermer xo‘jaliklarida 7 ming 737 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan fermer xo‘jaliklariga davlat byudjet mablag‘laridan jami 38 milliard 586 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Seminar davomida ishtirokchilarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda servis guruhlari tomonidan texnologiyani qurish va undan foydalanish, suv hovuzlarini qazish, nasos agregatlari va transformatorlarni montaj qilish borasidagi ishlarni to‘g‘ri va samarali amalga oshirish yuzasidan tushunchalar berildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri