English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejovchi texnologiyalar hosildorlikni oshirishda samara bermoqda
08:22 / 2026-01-26

FOTOREPORTAJ

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yili tumanda 289 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 200 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish hamda 30 gektar maydonda diskretli sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan edi.

Joriy yilda esa jami 4000 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yo‘nalishda 6 ta quruvchi tashkilot bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirildi. Ayni paytda 950 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu usulning afzalliklarini anglagan fermerlar soni yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, joriy mavsumda “Oltin vodiy” MMTP hududidagi “Gulxumor” fermer xo‘jaligida 132 gektar, “Dehqon qanoti” MMTP hududidagi “Shohjahon Mohlaroyim” fermer xo‘jaligida esa 32 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligida suv tejamkorligini ta’minlash, ekinlar hosildorligini oshirish hamda fermer va dehqon xo‘jaliklarining barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, suv yo‘qotilishining oldini olish maqsadida tumanda ariq va zovurlarni betonlash ishlari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qo‘g‘aylik M.Ismatullayev” MMTP hududidagi fermer xo‘jaliklarida ushbu ishlar izchil davom etyapti.

[gallery-27298]

Uchqo‘rg‘on tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan irrigatsiya tizimini yaxshilash va suv ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida amaliy ishlar reja asosida olib borilmoqda. Xususan, 2025–2026 yillarda xo‘jaliklararo ariqlarning 40 kilometr qismini betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar 15 kilometri yakunlandi. Shuningdek, ichki ariqlar bo‘yicha jami 261 kilometr masofada betonlashtirish ishlari belgilangan bo‘lib, hozirga qadar 35 kilometri tamomlandi.

Mazkur tadbirlar suv yo‘qotilishini kamaytirish, sug‘orish samaradorligini oshirish hamda aholi tomorqalarini barqaror suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA