G‘o‘zaning rivojida suvning ahamiyati juda katta. Shu ma’noda suvni tejash va uni oqilona ishlatish qishloq xo‘jaligining kelajagini belgilaydigan muhim omillardan biriga aylanmoqda.
Sirdaryo viloyatida ham bu yo‘nalish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, zamonaviy sug‘orish tizimlari tobora keng joriy etilmoqda. Ayniqsa, yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish kabi texnologiyalar amalda o‘zini to‘liq oqlayapti. 2025 yilning o‘zidayoq 4,7 ming gektar yer maydonida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari qo‘llandi. Bu raqamlar fermer va agroklasterlarning zamonaviy tizimlarga qiziqishi hamda ulardan samarali foydalanayotganini ko‘rsatadi.
Sirdaryo tumanidagi “Sulton Sobir Ravshan” fermer xo‘jaligi tajribasi shunga yorqin misol. Xo‘jalikda 18 gektarda mobil yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Natijada suv sarfi 40 foizga, mineral o‘g‘itlar esa 35 foizga tejaldi. Har gektardan 50 sentnerdan hosil olishga erishildi. Fermer hozirda nasos agregatini quyosh panellari orqali ishlatish rejasini qo‘ygan. Bu esa elektr energiyasi xarajatini ham qisqartirish imkonini beradi.
– Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida Turkiya texnologiyasi asosida yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilinmoqda. Buning hisobiga hosildorlik 30–40 foizga oshdi. Eng muhimi, agar an’anaviy usulda fermer 10 tonna hosil olgan bo‘lsa, zamonaviy tizimlar orqali bu ko‘rsatkich kamida 13–14 tonnaga yetibgina qolmay, suv resurslarini tejash imkoni ham yaratilmoqda, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Otaqulov. – Masalan, 2024 yilning o‘zida 11,3 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, 31 million kub metr suv iqtisod qilingan bo‘lsa, joriy yilda 28,1 ming gektarda zamonaviy tizimlar qo‘llanib, 196 million kub metr suv tejalishiga erishildi.

Infratuzilmani yangilash ishlari ham izchil davom etmoqda. Qozog‘iston bilan chegaradosh "Do‘stlik" kanalining Guliston shahridan o‘tuvchi 4,4 kilometr qismi betonlashtirildi. 110 yil avval qurilgan suv inshootlari rekonstruksiya qilinib, avtomatik boshqaruv tizimiga o‘tkazildi. “Aqlli suv” dasturi orqali nazorat qilish imkoniyati yaratilib, suv yo‘qotishlar keskin kamaydi, hisob-kitoblar esa yanada aniqlashdi.
Viloyatdagi 5 423 kilometrlik ichki sug‘orish tizimidan 1 505 kilometri betonlashtirildi. Qolgan qismlarda ham bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mutasaddilarning fikricha, suv tejovchi texnologiyalarning keng joriy etilishi nafaqat fermerlar xarajatini kamaytiradi, balki hosildorlikni oshiradi. Eng muhimi, yer va suv resurslarini asrab-avaylash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishda muhim omilga aylanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA