Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejovchi texnologiyalar har tomonlama qulay
10:30 / 2023-08-18

Jizzax viloyati Arnasoy tumanida paxta va g‘alla yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat, tuman hokimliklari, Toshkent davlat irrigatsiya universiteti olimlari, suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha turkiyalik  mutaxassislar, “Agrobank” va uning viloyat, tuman filiallari xodimlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi. 

Arnasoy tumani viloyatning eng chekka hududi  hisoblanadi. Bu yerda yil qurg‘oqchil kelmagan kezlari ham suv taqchil bo‘ladi. Suv tejovchi texnologiyalar mavzusidagi ushbu davra suhbati uchun aynan Arnasoy tumani tanlangani sababi ham shunda.  

Global issiqlik oqibatida nafaqat O‘zbekiston yoki Osiyoda balki, butun dunyoda suv tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat murakkablashib bormoqda. Bunday sharoitda suvni tejash va hisobini yuritish har doimgidan ham dolzarb masalaga aylanadi.  

Arnasoy tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda dehqon fermerlarga suv resurslarini tejash, undan maqsadli va samarali foydalanishda suv tejovchi texnologiyalar alohida ahamiyat kasb etishi borasida malakali mutaxassislar tomonidan atroflicha tushunchalar berildi.  

Tadbirda Arnasoy tumani hokimi Xurshid Alimardonov, Toshkent davlat irrigatsiya universiteti olimlari va turkiyalik mutaxassislar paxta va g‘alla yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar qamrovini kengaytirish bilan nafaqat barcha sug‘oriladigan maydonlarga suvni yetib borishini ta’minlash mumkinligi, balki, paxta, g‘alla yoki boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan olinadigan mahsulot sifati va hosildorligini sezilarli darajada oshirish mumkinligini  ta’kidladi. 

 – Zamonaviy sug‘orish texnologiyalarining afzalligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, uning katta suv tejash xususiyatini qayd etish lozim, – deydi “Agrobank” ATB Jizzax viloyati boshqarmasi xodimi Ubaydulla Axmanov. – Aytaylik, avvallari don ekilgan 1 gektar yerga 900 litr suv sarflangan bo‘lsa, bugungi kunda yomg‘irlatib sug‘orish orqali bu ko‘rsatkich 100 – 150 litrni tashkil etmoqda. Qolaversa, ekinni oziqlantirish ham shu usul orqali bo‘lgani uchun mineral o‘g‘it, yonilg‘i hamda ishchi kuchi, suv sarfi ham katta miqdorda tejaladi. Yana bir muhim jihati, suv va o‘g‘itning ekin tub ildizigacha yetkazilishi hisobiga hosildorlik kamida 20 sentnerga ortadi.  

– Tomchilatib sug‘orish paxta, doimiy suv talab qiladigan ba’zi ekinlardan tashqari, barcha bog‘dorchilik, poliz, sabzavot ekinlari uchun eng maqbul usul. Ushbu texnologiyani qo‘llash qamrovini kengaytirish bilan suv sarfi 10 barobargacha iqtisod bo‘ladi. O‘g‘it, yonilg‘i va mehnat sarfi, ayniqsa, xarajat tannarxi ham sezilarli darajada tejaladi. Demak, tannarxni kamaytirish hisobiga daromad ortadi.  

–Tejamkorlik ko‘lami qanchalik katta bo‘lsa, samaradorlik ham shunga yarasha salmoqni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida, obi-hayot tanqisligi bilan bog‘liq murakkab vaziyatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish bilan yanada ahamiyatlidir, – deydi Arnasoy tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Hayitboy Azizov.  

Jonli muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.    

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA