French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejaydigan texnologiyalar — agrar sohada barqarorlik garovi
15:13 / 2025-10-07

Suv – hayot manbai. Xususan, agrar sohada undan oqilona foydalanish hosildorlik va daromaddorlikning eng asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Bugun suv resurslarini tejash, zamonaviy sug‘orish tizimlarini keng joriy qilish orqali yer unumdorligini oshirish mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Shu maqsadda Sirdaryo tumanining Sindarobod hududidagi “Sulton” fermer xo‘jaligida amaliy seminar tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari, mas’ul tashkilot vakillari hamda o‘ttizdan ortiq fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirok etib, suv tejaydigan texnologiyalarning afzalliklari va amaliyotdagi qo‘llanilishi haqida fikr almashdilar.

Seminarda Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmasi mutaxassislari, Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari, shuningdek, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlari ishtirokchilarga yaratilayotgan davlat imtiyozlari, yangi tizimlarni joriy qilish tartibi va samaralari haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Amaliy mashg‘ulotlarda esa “Sulton” fermer xo‘jaligida 80 gektar maydonda joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimi namoyish qilindi. Xo‘jalik rahbari Nuriddin Xodjabekov o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, bunday tizimning samarasi haqida shunday dedi:

–  Biz  tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilganimizdan so‘ng suv sarfi keskin kamaydi, hosildorlik oshdi, xarajatlar esa qisqardi. Davlat imtiyozlari va mutaxassislarning tavsiyalari esa bu jarayonni yanada tezlashtiradi.

Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi, tizimdan foydalanish jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar va ularning yechimlari muhokama etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri