Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga joriy etish bugungi kun talabi
08:11 / 2021-01-11

Joriy yilning 10 yanvar kuni Sirdaryo tumanida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga yanada kengroq joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyatidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi klasterlar agronomlari va mutasaddi tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.

“PYeNG SHYeNG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmali amaliy seminarda Sirdaryo tumani hokimi B.Mirzaqulov, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Ergashev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatida ham keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini, lekin bu suv yildan-yilga taqchil bo‘lib borayotgan paytda yetarli emasligini, suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj borgan sari kuchayib borayotganini, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanini, shu sababdan ham suv manbalaridan oqilona foydalanish, sug‘orishda yangi tejamkor texnologiyalarni qo‘llash barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni yetishtirishda muhim omil bo‘lib, xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida qurg‘oqchil tumanlarda ekinlarni suvni tejaydigan texnologiyalar keng foydalangan holda sug‘orishni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning borishi va yangi sug‘orish tizimining afzalliklari xususida ham atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Seminar doirasida ishtirokchilar – “PYeNG SHYeNG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasining suvni tejab sug‘oradigan agregatlar hamda uning butlovchi texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi “AGRO TYeXNOLOGY” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Bu yerda ushbu sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan tadbir ishtirokchilariga korxonada ishlab chiqarilayotgan suv tejaydigan texnologiyalarning afzalliklari, agregatlarning ishlatish tartib-tamoillarini ko‘rgazmali ravishda namoyish etilib, qurilmalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

Viloyatida keyingi yillarda tomchilatib sug‘orish ishlarini nafaqat paxtachilikda, balki bog‘dorchilik, sabzavot va polizchilikda ham keng ko‘lamda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ko‘rgazmali amaliy seminar ishtirokchilarining Sirdaryo tumanidagi suvni tejaydigan texnologiyalar orqali sug‘orishga ixtisoslashgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga tashrifi ham shu ishni amalda ko‘rsatish maqsadida uyushtirildi. Bu yerda tadbir tashkilotchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni o‘rnatuvchi – kichik loyiha guruhi, suv tarmog‘i va hovuz tindirgichlarni tayyorlovchi guruh, nasos, transformator va filtr qurilmalarini o‘rnatuvchi hamda bosh quvur va suv tarqatuvchi quvurlarni montaj qiluvchi guruhlar ishchi-mutaxassislari tomonidan amaliy ish jarayonida ko‘rgazmali ravishda namoyish etib berildi. Shuningdek ushbu suvni tejaydigan texnologiyalarining qanday ishlatish va ishlashi ham amalda namoyish etildi.

Tadbir so‘ngida seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblarni oldilar.

A.QAYUMOV, O‘zA