French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejamkorligi deputatlar nazoratida
15:11 / 2025-07-26

Qaror va ijro

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Vobkent tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimizning 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilgan ishlar muhokama qilindi. 

Yig‘ilishda dastlab deputatlik guruhi rahbari To‘lqin Jo‘rayev suv resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar yakunlari yuzasidan axborot berdi. 

Kun tartibidagi asosiy masala yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Bobir Mirjonovning hisoboti tinglandi.

Butunda Vobkentda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, aholi ongida shakllangan “suv – tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirishga ahamiyat berilmoqda. 

Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi balansida jami 182,43 kilometr uzunlikdan iborat xo‘jaliklararo kanallar mavjud bo‘lib, ushbu kanallarda 19 ta gidrouzellar joylashgan. Mazkur, gidrouzellarda 90 dona gidrotexnik inshootlar va shuncha gidropostlar (suv o‘lchash postlari) faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Joriy 2025 yil hosili uchun shu kungacha 6661 gektar g‘alla  maydonlarida sug‘orish ishlari uchun iste’molchilarga o‘z vaqtida va sifatli suv yetkazib berildi. Bugungi kunda 9210 gektar paxta maydonlarida, 4073 gektar aholi tomarqalarida hamda 5737 gektar boshqa ekin maydonlarida sug‘orish ishlarini amalga oshirish uchun o‘z vaqtida sifatli suv yetkazib berilmoqda.

Joriy yilda tumandagi sug‘oriladigan 2781 gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash rejalashtirilgan. Shundan, 253 gektar g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish, 580 gektar paxta maydonlari hamda 39 gektar bog‘ maydonlari tomchilatib sug‘orish, 209 gektar maydonda diskret sug‘orish, 70 gektar paxta maydonlarida plyonka to‘shab sug‘orish, 980 gektar paxta maydonlarida egiluvchan quvur yordamida sug‘orish, 650 gektar ekin yerlarini lazerli tekislash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

2025 yilning oxirigacha tumandagi xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarini 99 kilometr qismi tozalanishi, 52 dona gidrotexnik inshoot ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Joriy yilning 2 choragida 31 kilometr ichki sug‘orish tarmog‘i tozalandi, 15 dona gidrotexnik inshootlar to‘liq ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.

Yig‘ilishda so‘z olgan mahalliy kengash deputatlari davlatimiz rahbari qarori ijrosini ta’minlash maqsadida garchi tumanda bir qator ishlar bajarilgan bo‘lsa ham suv resurslaridan oqilona foydalanishda ayrim muammo va kamchiliklar ham borligini ta’kidladi. Jumladan, kanallarni talab darajasida betonlashtirish, aholi tomorqa xo‘jaliklariga uzluksiz suv yetkazib berishga erishish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilishi zarur. 

Yig‘ilishda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi ishchi-xizmatchilarining moddiy manfaatdorligini oshirish ham kun tartibidagi muhim vazifalardan biri bo‘ldi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.