Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv tejamkorligi — bugunning talabi, ertaning kafolati
15:57 / 2026-02-17

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Xidirov hamda havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Otaqulov rahbarligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutasaddilari, rahbar va mutaxassislar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, hujjat suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda tarmoqni bosqichma-bosqich raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab bergan.

Abror Xidirov ma’ruzasida qaror sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yangicha yondashuv olib kirganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, suv tejovchi texnologiyalar endilikda faqat texnik yangilanish sifatida emas, balki iqtisodiy, institutsional va raqamli mexanizmlar bilan uyg‘unlashgan kompleks jarayon sifatida ko‘riladi.

2026–2028-yillarda respublika miqyosida 3,5 million gektar yer maydonida zamonaviy tejamkor sug‘orish tizimlarini joriy etish hamda yiliga 5 milliard kub metr suvni tejash rejalashtirilgan. Bu, ayniqsa, suv ta’minoti qiyin bo‘lgan hududlarda qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, qaror mazmun-mohiyati nafaqat suv xo‘jaligi xodimlariga, balki viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari, quruvchi-pudrat tashkilotlari hamda sohaga aloqador rahbar va mutaxassislarga yetkazilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Qarorda belgilanganidek, suv resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy mexanizmlar sezilarli darajada kuchaytirildi. Jumladan, 2026-yildan boshlab tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratiladi, davlat byudjeti hisobidan esa 800 milliard so‘m subsidiya yo‘naltiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, suv tejovchi texnologiyalarni o‘z mablag‘lari hisobiga joriy etayotgan xo‘jaliklarga subsidiya ikki bosqichda to‘lanadi: mablag‘ning 50 foizi ishlar boshlanishidan oldin, qolgan qismi esa loyiha to‘liq yakunlangandan keyin ajratiladi. Bu mexanizm fermer va tadbirkorlarning moliyaviy yukini kamaytirishga xizmat qiladi.

Eng muhim yangiliklardan biri — 2027-yildan boshlab suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari va subsidiya miqdori yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanishi. Suv ta’minoti barqaror bo‘lmagan hududlarda tejamkor texnologiya joriy etilganda subsidiya miqdoriga 1,25 koeffitsiyent qo‘llaniladi, suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda esa texnologiyalar joriy etilmagan taqdirda suv solig‘i ikki baravar hisoblanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyalarini qo‘llagan xo‘jaliklarga ham subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

– Suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligida yillar davomida yechilmay kelayotgan ayrim muammolar bor edi. Davlat rahbari qarori esa ularni hal qilishning aniq mexanizmlarini belgiladi. Bu nafaqat suv xo‘jaligi xodimlari, balki barcha fermer va tadbirkorlar uchun muhim yangilik bo‘ldi, – dedi yig‘ilishda so‘z olgan   Nurkamol Otaqulov.

2026-yil 1-oktabrdan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari tasdiqlangan minimal texnik talab va me’yorlar asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, pudrat tashkilotlari har bir loyiha bo‘yicha kamida 2 yillik kafolat va 5 yillik servis xizmatini ko‘rsatishi shart. Ushbu talablar vakolatli inspeksiya organlari tomonidan qat’iy nazorat qilinadi.

2027-yildan boshlab sholi maydonlarida suv kirish nuqtalariga, shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklarida suvning kirish va chiqish joylariga tadbirkorlar mablag‘lari hisobiga “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash uskunalari o‘rnatish majburiy etib belgilandi. Bu orqali suv sarfini aniq hisobga olish, yo‘qotishlarni kamaytirish va raqamli nazoratni kuchaytirish imkoni yaratiladi.

– Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida Prezident qarori va unda belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan bugungi yig‘ilish nafaqat men, balki barcha soha xodimlari uchun foydali bo‘ldi, – dedi havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasurbek Muxtorov. – Eng muhimi, suvni tejash masalasi faqat ichki emas, balki global ahamiyatga ega. Qarorda belgilangan vazifalarni qog‘ozda emas, amalda ta’minlash zarur. Bunga erishish uchun har bir gidropost va suv taqsimoti nuqtasini bosqichma-bosqich raqamli nazoratga o‘tkazish talab etiladi. Ana shundagina suv sarfini aniq hisobga olish, yo‘qotishlarni kamaytirish va adolatli taqsimotni ta’minlash mumkin.

Yig‘ilish yakunida qaror ijrosini ta’minlash, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri