Vazirlar Mahkamasining “2022 yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun suv bilan ishonchli ta’minlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, suvdan samarali foydalanishning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun respublika Ishchi guruhi tashkil etiladi.
Ishchi guruhi:
suv omborlaridagi suv resurslaridan foydalanishni to‘liq nazoratga oladi, ayniqsa, yirik suv omborlaridan suv chiqarish va nasos stansiyalaridan foydalanishni qat’iy ravishda aniq hisob-kitoblarga asoslangan talablar bo‘yicha amalga oshiradi;
mavjud sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining mavsumga shayligi bo‘yicha qat’iy monitoring olib borish tizimini yo‘lga qo‘yadi;
eski maydonlar infratuzilmasini hisobga olgan holda, elektr energiyasi va suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarning “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida joylashtirilishini ta’minlaydi;
sug‘orish mavsumi davomida har o‘n kunda suv resurslaridan samarali foydalanish holatini tanqidiy tahlil qilib, mutasaddilar va hududlar rahbarlarining hisobotlarini o‘rganib boradi.
Shuningdek, tumanlarda – har bir sektor hududida sug‘orish shtablari tashkil etiladi va suv resurslaridan samarali foydalanish nazorat qilib boriladi. Suv taqsimoti va hisob-kitobi yuritiladi. Suvchilarga zarur sharoit yaratish, ish haqlarini o‘z vaqtida berishni nazorat qilish, tungi sug‘orish ishlarni muvofiqlashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
2022 yil 1 oktyabrga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirligining Geoaxborot tizimida respublikada suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha axborot tizimi ishga tushiriladi.
Yerni masofadan zondlash texnologiyalari, shu jumladan, sun’iy yo‘ldosh va dronlar yordamida olingan ma’lumotlar asosida hududlarda suv tanqisligi, sug‘orish tizimi doimiy tahlil qilib boriladi.
Bu, suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish imkonini beradi.
O‘zA