22 mart – Butunjahon suv kuni
Suv – tirikligimiz manbai, yer yuzidagi barcha jonzot, hayvonot va o‘simliklarning mavjudligi uchun asosiy resursdir. Suvsiz hayotimizni, atrof-muhitni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jamiki borliq suv bilan chambarchas bog‘liq.
Buxoro, Xorazm viloyatlari, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim hududlari aholisi toza ichimlik suvini sotib olib ichishadi. Buni bilmagan, eshitmaganlar hayrat bilan qarashadi.
Ha, afsuski, rost. Buni o‘zim yaqindan bilgan inson sifatida juda yaxshi anglayman. Hatto aholi vakillari suvni sotib olish uchun ham ba’zan muammolarga duch kelishi, navbat talashishlar bo‘lishi achchiq haqiqat. Har gal Buxoroga – ota uyimga borganimda, albatta, suv muammosi borasida yaqinlarimning, qo‘ni-qo‘shnilarning o‘zaro gurunglarini, muammoni hal qilish bo‘yicha chora izlab hokimiyat idoralarigacha borishlarini ko‘p eshitaman. Deyarli hamma xonadonda sun’iy quduqlar qurilgan va ana shu quduqlarga tonnalab suvni sotib olib quydirishadi.
Suv muammosini o‘z yaqinlarim hayotidan bilganim, his qilganim uchun ham doim suvni tejab ishlatishga harakat qilaman. Ammo hamma ham bunday yo‘l tutmasligi, ya’ni suvni tejamasligi, jo‘mraklardan bekorga oqizib qo‘yishi dilni xira qiladi.
Har yili 22 mart sanasida dunyo bo‘ylab Butunjahon suv kuni keng nishonlanadi. Butunjahon suv kunining nishonlanishi dunyo aholisini suvdan oqilona foydalanishga, suv resurslarini asrab-avaylashga chaqirish hamda suvning hayotimiz, jamiyatimiz taraqqiyoti uchun qanchalik muhim ekanligini yana bir bor anglatishdan iborat.
Zero, bugun butun yer yuzida toza ichimlik suvi katta muammoga aylanmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yillardan boshlab 1,2 milliard aholi muntazam ravishda chuchuk suv muammosi kuzatiladigan mintaqalarda istiqomat qilib keladi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, XXI asrning uchinchi o‘n yilligi o‘rtalariga borib, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo yanada globallashadi. Bu, o‘z navbatida, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jahon bozorida suv mahsulotlariga talab ortib boraveradi.
Ekologlarning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan, O‘zbekistonda suv tanqisligi bilan bo‘lgan vaziyat yildan-yilga jiddiylashib bormoqda. Buni har birimiz yon-atrofimizda, hayotimizda ko‘rib, guvohi bo‘layapmiz. Bu esa har birimizni suvning insoniyat hayotidagi tutgan o‘rni haqida mulohaza qilishga, ichimlik suvining yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratishga, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni asrab-avaylashning muhimligiga, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun tegishli choralarni ko‘rishga chaqiradi.
Suv masalasi yildan-yilga muammoli masalalardan biriga aylanib borayotgan bir paytda yurtimizda ham muayyan dastur va rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan 2021 yilda hududlardagi 1,5 million aholi markazlashgan suv ta’minotiga ulangan. Yana 3 million aholining suv bilan ta’minlanganlik holati yaxshilangan. Natijada mamlakatimizda aholining markazlashgan suv bilan ta’minlanganlik holati 65 foizdan 70 foizga yetdi.
Bundan tashqari, 2021 yilning o‘zida 433 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi va ularning umumiy ko‘rsatkichi sug‘oriladigan maydonlarning 17 foizini tashkil qildi. 2022 yilda esa yana 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish borasida qator vazifalar belgilangan.
Mazkur konsepsiya doirasida amalga oshiriladigan ishlar suv resurslari zaxirasi hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlashda yuzaga keladigan tahdidlarning oldini olish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Transchegaraviy suv resurslaridan adolatli foydalanish hamda suv tejovchi texnologiyalarini amaliyotga keng joriy qilish orqali suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Butunjahon suv kuni hayot manbai bo‘lgan suvni asrash va undan unumli foydalanishga, eng muhimi, har birimizning bu boradagi mas’uliyatimizni yanada teran anglashimizga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muhtarama Komilova, O‘zA