Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda
11:03 / 2024-02-07

So‘nggi yillarda mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, uning sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, suv iste’molini hisobga olishning zamonaviy innovatsion tizimlarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilgan holda suvdan foydalanish, suv ta’minoti va suv chiqarish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 yanvarda o‘tkazgan selektor yig‘ilishida joriy yilda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘nalishida sohani rivojlantirish bo‘yicha galdagi aniq vazifalar belgilab berildi. Aholi va ulgurji iste’molchilarga markazlashgan holda ichimlik suvini yetkazib berish hamda oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha o‘tgan davrda Buxoro viloyatida bir qancha ishlar amalga oshirildi.  

Aniq misollarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, viloyatda markazlashtirilgan ichimlik suvi ta’minoti davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi 3 yilda 58 foizdan 73,2 foizga, oqova suv xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi 10,8 foizdan 16 foizga yetkazildi. Birgina 2023 yilda 98,3 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan 28 ta ob’ektda, 257 km tarmoqlar va 6 ta inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetkazildi. Natijada viloyatdagi 120,7 ming nafarga yaqin aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shuningdek, 40 ming nafardan ortiq aholining markazlashgan ichimlik suvi va oqova suv xizmati ta’minoti yaxshilandi. Bu borada Shofirkon tumanida bajarilgan ishlar ko‘lami ham nihoyatda keng.  

–2023 yilda Prezidentimizning qarori bilan tumanning 14 ta mahalla fuqarolar yig‘inida toza ichimlik suvi hamda bitta “Sultonobod” suv inshootini qurib bitkazdik, – deydi “Buxoro suv ta’minoti” korxonasi  Shofirkon tumani bo‘limi boshlig‘i Zafar Farmonov. – Tumanimiz 27 foiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan edi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 67 foizni tashkil etmoqda. “Sultonobod” suv inshootimiz 3 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 1100 ta xonadonga suv yetkazib beradi.  2024 yilda tumanni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 67 foizdan 95 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz.    

Yillar davomida eng katta muammo bo‘lib kelgan obi hayot masalasining ijobiy yechim topgani aholini ham quvontirmoqda.  

– Shu kungacha toza ichimlik suvining yetib kelmaganidan mahalla ahli qiynalardi, – deydi mehnat faxriysi Sodiq Hakimov. – Suvni ariqlardan yoki tashib olib kelardik. Bugun mahallamizga toza ichimlik suvi kirib keldi. Aholi minnatdor. Bu, albatta, xalqimizning yaxshi yashashi uchun qilingan ishlar samarasidir.  

Prezidentimiz topshirig‘i asosida boshlangan Osiyo infratuzilmaviy  investitsiyalar banki ishtirokidagi qiymati 385,1 million AQSH dollari miqdorida bo‘lgan  “Buxoro  viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihasi” doirasida 2024 yilda belgilangan barcha hududlarda qurilish ishlariga start berildi. E’tiborli tomoni, bundan uch yil muqaddam 20 foizga ham yetmagan ta’minotning joriy yilda 100 foizga yaqinlashganini xalqimiz bir mo‘’jizadek qabul qilmoqda.  

– G‘ijduvon tumanidagi “Saidkent” mahalla fuqarolar yig‘ini 2023 yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, – deydi mahalla  raisi Nigora Qiyomova. – 4 mingga yaqin xonadonga toza ichimlik suvi yetkazib berildi. Buni biz orzu qilgandik. Bugun qishlog‘imizda barcha infratuzilmalar qurildi.      

Albatta, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Muhimi, borini qadrlash, uni isrof qilmaslik, suv yetib kelgunga qadar bajarilgan ishlarni to‘laqonli anglab yetgan keksa avlod vakillari bu borada o‘z faolliklarini ko‘rsatmoqda.  

– Mahallamizning hamma xonadoniga toza ichimlik suvi kirib bordi, – deydi saidkentlik mehnat faxriysi Nasrullo Namozov. – 4-5 yil ilgari azob bilan suv olib kelinardi. Suvlar sifatsiz edi. Bugun toza ichimlik suvi uyimizning ichida. Buning qadriga yetishimiz kerak.  

“Buxoro suv ta’minoti” aksionerlik jamiyati  tarkibidagi Markaziy laboratoriya bo‘limi ham aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi tarkibini kimyoviy va bakteriologik usulda aniqlash, uni zararsizlantirib berish, ichimlik va oqova suvlar inshootlarining texnologik jarayonlarini nazorat qilib borishda muhim rol o‘ynamoqda.

Ayniqsa, markaziy  analitik nazorat qilish laboratoriyasi suv tarkibidagi 21 xil, oqova suvlari tarkibidagi 17 xildan ortiq ko‘rsatkichlarni aniqlash imkoniga ega. Bu ham aholiga sifatli ichimlik suvi yetkazib berishda mustahkam asos vazifasini o‘tamoqda.  

Shuningdek, “Shoxrud” suv to‘plash, uzatish inshootida to‘liq rekonstruksiya ishlari bajarilganidan so‘ng Ispaniyaning eng ilg‘or texnologiyalari keltirib o‘rnatilgan edi. Buning natijasida aholiga sifatli suv yetkazib berish imkoniyatlari yanada kengaydi. Hozir markazda elektroliz usuli bilan xlor ishlab chiqarilib, suvni zararsizlantirish uchun ishlatilmoqda. Bu usul  ancha arzon, tejamli va inson salomatligi uchun zararsizdir.  

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan  joriy yil 29 yanvardagi videoselektor yig‘ilishida hududlarda toza ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash borasida so‘z borar ekan, avvalo tizimda davlat– xususiy sherikchilik asosida ishlarni tashkil qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada tajriba- sinov tariqasida Kogon shahrida ham dastlabki jarayonlarni boshlash bo‘yicha mutasaddilarga  tegishli topshiriqlar berildi.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari