Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv ta’minoti yaxshilandi
14:48 / 2026-02-12

Iste’mol uchun yaroqli toza ichimlik suvi har bir aholi uchun eng qimmat xazina sanaladi. Buni toza suv yetib bormagan mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari alohida yaxshi biladi. Shu bois, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi “Tinchlik”, “Oqoltin”, “Mirzacho‘l”, “Dehqonobod”, “Toshkent”, “Yo‘ldoshobod” va “Bahoriston” mahalla fuqarolar yig‘ini va u yerda istiqomat qilayotgan aholi uchun ichimlik suvi masalasi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan.

Prezidentimizning aholini ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlash, xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan topshiriqlari ijrosi doirasida, “Sirdaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Ushbu mahallalarda suv tarmoqlarini tortish, yangi quduqlar qazish hamda mavjud suv inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi. Natijada mahallalar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi sezilarli ravishda yaxshilandi.

– Tumanda 18 ta mahalla fuqarolar yig‘inida jami 10 922 ta xonadon mavjud bo‘lib, aholining 84,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, – deydi “Sirdaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori Nuriddin Joniqulov. – Qolgan aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida alternativ manbalar va maxsus transport orqali suv yetib berish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.

Hozirgi kunda tuman hududida 313,6 km ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lib, shundan 1,7 km qismi ta’mirtalab hisoblanadi. 97 ta suv inshootidan 77 tasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Avariya holatlari doimiy ravishda ro‘yxatga olinadi va maxsus guruhlar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilmoqda.

– Bu boradagi muammolarni bartaraf etish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini oshirish maqsadida manzilli reja ishlab chiqilgan va u asosida muntazam ish olib borilyapti, – deydi  Nuriddin Joniqulov.

Shu bilan birga, suv ta’minoti bilan bog‘liq qo‘shimcha choralar ham ko‘rilmoqda: yangi quduqlar qazish, mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish va suv inshootlarini zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich olib borilyapti. Bu tadbirlar mahallalar aholisi uchun suv ta’minotining barqarorligini ta’minlab, ular hayotidagi eng asosiy ijtimoiy ahamiyatga ega masalani samarali hal qilish imkonini beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri