Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan “Navoiy suv ta’minoti” aksionerlik jamiyati Qiziltepa bo‘limi tasarrufidagi “Obod diyor” va “Yashnaobod” suv yig‘ish hamda tarqatish inshootlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganildi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 140 ta suv inshooti faoliyat yuritsa, ularning 28 tasi Qiziltepa tumanida joylashgan. Albatta, bunday katta tarmoqni mavsumiy tayyor holatga keltirish, ayniqsa, qish faslida yuzaga keladigan xavflar – nasoslarning ishdan chiqishi, quvurlarning muzlashi, bosimning pasayishi kabi muammolarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois mavsumda 9 ta nasos agregati joriy ta’mirlangan bo‘lsa, yana 3 tasi mukammal ta’mirlandi. Quvurlar bo‘yicha ham yetarlicha ishlar amalga oshirildi, Jumladan, D-50 millimetrlik 500 metr va D-40 millimetrlik 800 metr quvurlar ta’mirlandi. D-50 millimetrlik 100 metr va D-76 millimetrlik 100 metr quvurlar esa to‘liq yangilanib, qayta tiklandi. Bu o‘zgarishlar qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarning oldini olishga xizmat qiladi.



– Olib borilgan ishlar tahlil etilganda, sug‘orish va ichimlik suvi ta’minoti tizimining asosiy ikki yo‘nalish bo‘yicha mustahkamlanayotganini ko‘rish mumkin, – deydi inspeksiyaning sho‘’ba boshlig‘i Azizjon Choriyev. – Birinchi yo‘nalish mavjud tarmoqlarni ta’mirlash va yangilarini barpo etish. Ikkinchidan esa tizimning barqaror ishlashi uchun texnik xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash, eskirgan quvurlarni esa bosqichma-bosqich almashtirish va avariya holatlariga qarshi zaxira imkoniyatlarini kengaytirishdir. So‘nggi yillarda tumanda ikki muhim suv inshooti yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Hozirda “Ziyokor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Obod diyor” inshooti 4 ta nasos agregati bilan 1320 ta xonadon yoki 5350 nafarga yaqin aholini ichimlik suvi bilan ta’minlamoqda. Yashnaobod mahallasida qurilgan yangi inshoot esa 2 ta nasos agregati bilan 630 ta xonadonni, ya’ni taxminan 2520 nafar aholiga toza ichimlik suvi yetkazib beradi. Bu infratuzilma ob’ektlari nafaqat hozirgi ehtiyojlarni, balki tumanning kelgusi aholi o‘sishi bilan bog‘liq talablarni ham qondirish imkonini beradi.

Inspeksiya xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan monitoring ishlari tizimdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Bu kabi uzluksiz ishlar natijasida aholi qish mavsumida ham barqaror suv ta’minotidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ew5T1epxKzg" title="Suv ta’minoti tizimining mavsumda barqaror ishlashi holati o‘rganildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri