O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, "O‘zsuvta’minot" AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov boshchiligidagi delegatsiya 9-10 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga safar qildi.
Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif doirasida Koreya Respublikasi Ekologiya va atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Kim Don Jin, K-Water davlat kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Pak Je Xyon, Xorijiy loyihalar va shahar infrastrukturasini rivojlantirish (KIND) korporatsiyasi rahbari Xo Gyon Gu, Suv resurslarini boshqarish sohasida kadrlar tayyorlash instituti direktori Pak Byon Rok va Hyundai Engineering Co., Ltd. kompaniyasi katta vitse-prezidenti Pak Chan U bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Koreya Respublikasi Ekologiya va atrof-muhit vazirligida o‘tgan uchrashuvda suv ta’minoti sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi, Toshkent shahar Mirobod tumanidagi eskirgan suv quvurlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot loyihasini Janubiy Koreya hukumatining grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish haqida kelishuv ham imzolandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi K-Water akademiyasida bo‘lib, u yerda suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Uchrashuvda "O‘zsuvta’minot" AJ va K-Water DK o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat suv ta’minoti sohasiga yangi bilim va nou-xaular olib kirish, Janubiy Koreya tajribasini qo‘llashda "O‘zsuvta’minot" AJning texnik va boshqaruv salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Toshkentda texnologiyalar transferi va malaka oshirish bo‘yicha maxsus markaz qurish, uni ilmiy-uslubiy va texnik jihozlash, O‘zbekiston hududlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida suv ta’minotini yaxshilash loyihalarini birgalikda tayyorlash va ichimlik suvi sifatini oshirishda ilg‘or tajribalarni jalb qilish ham memorandumning asosiy maqsadlaridandir.
Bundan tashqari, erishilgan kelishuvga ko‘ra, 2021 yilda Toshkent shahrida K-Water davlat kompaniyasining muntazam ishlaydigan vakilligi tashkil etiladi.
Suv resurslarini boshqarish sohasida kadrlar tayyorlash instituti rahbariyati bilan bo‘lgan muzokaralarda esa Toshkent shahrida suv ta’minoti sohasi xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan maxsus markaz qurish masalasi ko‘rib chiqildi. Janubiy koreyalik hamkorlar boshqaruv va ishchi xodimlar uchun maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va O‘zbekiston OTMlariga o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha yordam berishga tayyorligini bildirdi.