Agrar sohada suv resurslaridan foydalanishni boshqarishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – undan samarali va oqilona foydalanish, isrofgarchilikka barham berish va foydalanish samaradorligini oshirishdan iborat.
Qishloq xo‘jaligi respublikamizda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri sanaladi. Sohaning rivojida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, ishchi holatini saqlash va boshqa agrotadbirlarni o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, ekinlar hosildorligini oshirish suv resurslari ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy tahlil qilib borish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish suvdan maqsadli va samarali foydalanishga xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan yutuqlar bilan birga ba’zi muammolar ham saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holati, sun’iy suv ob’ektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanilishi hamda belgilangan qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish vakolati berilgan. Bunda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
–Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning bo‘linmalarida sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan 2019 yil va joriy yilning o‘tgan davridagi faoliyati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi, – deydi inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh inspektori Akbar Qoziyev. – Tekshiruv davomida mavjud 1164 dona gidropostning belgilangan tartibda attestatsiyadan, shuningdek suv o‘lchash vositalarining davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilishi bo‘yicha bir qancha kamchiliklar aniqlanib, tumanlardagi irrigatsiya bo‘limlariga ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun aniq choralar ko‘rilmoqda.
Tekshiruv natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha vazirlik tizimidagi 20 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek boshqa aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha irrigatsiya bo‘limlari xodimlarning intizomiy masalalarini ko‘rish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri nomiga taqdimnoma kiritildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA