Dunyo miqyosida suv taqchilligi global muammolardan biriga aylanib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi oqibatida so‘nggi uch yilda suv resurslari 27 foizga kamaygani bu tahdidni yanada jiddiylashtirmoqda. Bu holat suvga bog‘liq irrigatsiya tizimi va sug‘oriladigan yer maydonlari barqarorligini ta’minlashda o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Boyovut tumanida aholi va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlarini qondirishdagi eng muhim vazifa – sug‘oriladigan yer maydonlarini muntazam va barqaror ravishda suv bilan ta’minlashdir. Hududdagi 36,2 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydoni va 744 kilometrdan ortiq sug‘orish tarmoqlari bu vazifaning miqyosi va ahamiyatini ko‘rsatadi. Shu bois suv resurslarini samarali taqsimlash, infratuzilmani mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

2025-yil davomida Bu maqsadda bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Boyovut tumani “Suv yetkazib berish xizmati” muassasasi balansida bo‘lgan 50 kilometr kanal betonlashtirildi. Shuningdek, tuman hokimi tashabbusi bilan klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan qo‘shimcha ravishda 210 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari betonlandi va 25 kilometr kanal tozalandi. Bu choralar suv oqimi va uning yo‘nalishi ustidan samarali nazorat o‘rnatishga, shu bilan birga yer maydonlarini muntazam suv bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

– Suv ta’minoti tizimida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda ham sezilarli natijalar qayd etildi, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Boyovut tumani “Suv yetkazib berish xizmati” muassasasi rahbari Sardor Nuriddinov. – Sug‘orish tarmoqlaridagi 20 ta suv o‘lchash postiga “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatildi va ularning umumiy soni 80 taga yetkazildi. Bu suv sarfini nazorat qilish, oqimlarni optimallashtirish va har gektar yerga kerakli miqdorda suv yetkazib berish imkonini bermoqda. Shuningdek, 2025-yil davomida 123 ta gidrotexnik inshoot va 75 ta gidropostda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda 1-Boyovut hududini suv bilan ta’minlovchi O‘ng tarmoq 1-kanalining 12 kilometrlik qismi hamda G‘allakor hududidagi O‘ng tarmoq 2-kanalining 11 kilometrlik qismida betonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, bu yo‘nalishda ham sezilarli natijalar qayd etildi. Tumanda 5 093 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 333 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari qo‘llanilgan. Faqatgina 2025-yil davomida 1 667 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish va 205 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish ishlari amalga oshirildi. Bu tadbirlar suv sarfini sezilarli darajada qisqartirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi hosilini barqaror ta’minlash imkonini bermoqda.

– Shu bilan birga, ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida “Yashil makon” milliy dasturi doirasida kanallar atrofida 30 mingdan ortiq manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Bu nafaqat hududning ko‘rinishini estetik jihatdan yaxshilash, balki tabiatni muhofaza qilish, yer maydonini himoya qilish va suv resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda, – deydi Sardor Nuriddinov.
Umuman olganda, 2025-yil davomida Boyovut tumanida suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug‘orish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhim ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Mavjud loyihalarni davom ettirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va suvni tejash choralarini mustahkamlash orqali tuman qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlamoqda. Bu esa nafaqat hosildorlikni oshirish, balki aholi daromadi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri