Suv sporti vakillari Tokio olimpiadasiga qay darajada tayyor?
Ayni paytda mamlakatimiz atletlari kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishmoqda.
Tokio-2020 oldidan
Ayni paytda mamlakatimiz atletlari kelgusi yil Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishmoqda.
Shu maqsadda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi hamkorligida ishlab chiqilgan qator dasturlar boʻyicha amaliy ishlar amalga oshirilayapti.
Dasturga muvofiq yurtimizda faoliyat olib borayotgan Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan har bir federatsiya Tokio-2020 olimpiadasiga tayyorgarlik yuzasidan hisobot topshirishi ham belgilab qoʻyilgan. Kecha MOQda boʻlib oʻtgan yigʻilishda Oʻzbekiston “Rowing & Canoe” hamda suv sporti federatsiyalari XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik ishlari borasida hisobot topshirdi.
Yigʻilishni MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov olib bordi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Qosimov, MOQ vitse-prezidentlari Saken Polatov va Aziz Komilov, shuningdek, barcha federatsiyalarning mutasaddi rahbarlari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlash joiz, yigʻilish tanqidiy ruhda oʻtdi. Hisobot uchun dastlab mazkur ikki federatsiya tanlab olingani ham bejiz emas. Zero, ushbu sport turlari Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp medal oʻynaladigan yoʻnalishlar sanaladi. Afsuski, bizda ushbu yoʻnalishlar boʻyicha olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari koʻngildagidek emas. Yigʻilishda MOQ prezidenti bunga alohida toʻxtalib oʻtdi.
- Hozirda biz uchun eng dolzarb masala – Tokio-2020 olimpiadasi va unga tayyorgarlik. Shu asosda sport federatsiyalari mashgʻulotlarni yanada kuchaytirishi lozim. Bundan tashqari, sport tibbiyoti va farmakologiyasi boʻyicha dunyoning yetakchi davlatlari bilan hamkorlik ishlarini yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Barcha sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari yillik taqvimdagi litsenzion va reyting ochko beradigan sport musobaqalari hamda ularda muvaffaqiyatli ishtirokimizni nazorat qilib borishi kerak. Atletlarimiz yuqori natija qayd etishlarida faxriylarning ham yordami qoʻl keladi. Har bir federatsiyaga faxriylar toʻliq biriktirilsin va ular imkoniyati darajasida terma jamoa bilan ishlasin, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Yigʻilishda dastlab Oʻzbekiston “Rowing & Canoe” federatsiyasi hisobot topshirdi. Unda federatsiya Bosh kotibi Vyacheslav Didrix sportchilarimizning yil boshidan nufuzli xalqaro musobaqalarda qayd etib kelayotgan natijalari, bu yilgi jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, Tokio olimpiadasi uchun koʻzlanayotgan yoʻllanmalar soni va medallar boʻyicha tahliliy taqdimot qildi. Shuningdek, suv sporti turlari federatsiyasi Bosh kotibi Alisher Gʻaniyev ham xuddi shu asosda tayyorlab kelgan taqdimot topshirdi.
Yigʻilishda har ikki federatsiya faoliyatiga tanqidiy baho berilib, oldinda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar va chora-tadbirlar boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Federatsiyalarning kelgusi hisoboti yana ikki haftadan soʻng oʻtkaziladi va unda ham Olimpiya sport turlari oʻz hisobotlarini taqdim qiladi.