Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning suv sporti turlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bu orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash, saralash hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda Prezidentimizning 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
– Qarorga ko‘ra, suv polosi, suzish, sinxron suzish, suvga sakrash sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, aholi o‘rtasida bu suv sporti turlari ommaviy sport turlaridan biriga aylantiriladi, – deydi Navoiy shahridagi Suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi direktori Asqar Umarov. – Endilikda iqtidorli sportchilar aniqlanib, ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, suv sporti turlari bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq zamonaviy suv sporti inshootlari quriladi, mavjudlari rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi. Sportchilar kerakli vitaminlar, asbob-uskunalar, ekipirovka va boshqa zarur vositalar bilan muntazam ta’minlanib boriladi. Suv sporti turlari sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi va yoshlarni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qiladigan sport turi sifatida targ‘ib qilinadi.
[gallery-21567]
Bugungi kunda Navoiy viloyatida Sportning suv turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi hamda Bolalar va o‘smirlar sport maktablarida suv sporti to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. Ularda suzish, sinxron suzish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, parasuzish, parkanoe, akademik eshkak eshish bo‘limlari ochilgan.
Ayni paytda muassasada 457 nafar yosh sportchiga 20 nafar murabbiy suzish sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
Sport sog‘lomlashtirish guruhlariga 7 yoshdan yuqori bolalar jalb qilinib, ular orasidan iqtidorli yoshlar saralab olinmoqda va boshlang‘ich tayyorlov guruhlariga qabul qilinmoqda.
Yakunlangan 2024 yilda ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchilari suv sporti tulari bo‘yicha bir qator musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, ular O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 56 ta oltin, 66 ta kumush va 90 ta bronza medalga egalik qilishgan bo‘lsa, Jahon chempionati va kubogida 4 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza, Xalqaro musobaqalarda esa 1 ta oltin va 2 ta kumush medalga sazovor bo‘lgan.
– 2024 yilning 2-9 dekabr kunlari Misr poytaxti Qohira shahrida para suzish bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon seriyasi musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etdim, – deydi sport maktabi tarbiyalanuvchisi Sardor Baxtiyorov. – Ushbu musobaqa men uchun omadli bo‘ldi. Sababi men suv sportining turli yo‘nalishlarida qatnashib, 3 ta oltin, 5 ta kumush medalni qo‘lga kiritdim. Albatta, muvaffaqiyatlarim zamirida davlatimiz rahbarining biz yoshlarga ishonchi, yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlar yotibdi. Kelgusida ham suv sporti bilan muntazam shug‘ullanib, har to‘rt yillikning muhim musobaqasi – olimpiada o‘yinlarida munosib qatnashib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish niyatidaman.
Sport maktabida murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirib borish maqsadida Respublika sport federatsiyalari hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan xorijdan mutaxassislar jalb etilib, mahorat darslari tashkil etilmoqda. Maqsad esa suv sporti turlari bo‘yicha malakali murabbiy va sportchilar tayyorlab milliy terma jamoaga yetkazib berishdir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari