Yurtimizda yoshlarning suv sporti turlariga qiziqishini oshirish orqali iqtidorli sportchilarni tanlash va saralash tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassis va hakamlar tayyorlash, milliy terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mazkur yo‘nalishda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar belgilangan.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida soha vakillari va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masalalar tahlil etildi.

Tadbirda qarorda belgilangan vazifalar ijrosi, har bir yo‘nalishda qilinayotgan ishlar, malakali mutaxassislarni tayyorlash, o‘tkazilayotgan musobaqalarning texnik jihatlari, mavjud suv havzalarining talabga javob berishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti suv sport turlari yo‘nalishini bitirayotgan talabalarni ish bilan ta’minlash, ularning murabbiylik faoliyatini olib borishlariga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bo‘sh ish o‘rinlari, yosh mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga tajriba oshirishga yo‘naltirish yuzasidan fikr va takliflar ilgari surildi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA