Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv sohasini raqamlashtirish ishlari yangi bosqichda
17:15 / 2025-11-04

Bugungi kunda mamlakatimizda raqamli texnologiyalar yordamida mavjud suv resurslari va elektr energiyasi hisobi yuritilishini ta’minlash hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, sohani barqaror rivojlantirish maqsadida ko‘plab imkoniyatlar yaratilmoqda.

Prezidentimizning 2025 yil 13 oktyabrdagi “Suv sohasini raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish va barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur faoliyatda muxim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti Kiberhuquq kafedrasi o‘qituvchisi G‘ayrat Eshboyev bu borada quyidagi fikrlarni bildirdi.

–Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni mamlakat suv xo‘jaligi tizimini tubdan isloh etish, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. U 2025 yil 15 oktyabrdan kuchga kirgan bo‘lib, unda suv resurslaridan foydalanishni hisobga olish, nazorat qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Bu farmon 2024 yil 7 maydagi PF-74-sonli farmon bilan belgilangan vazifalarni chuqurlashtirish va yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Farmonning asosiy maqsadi suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali suv resurslarini tejamkor va samarali boshqarish tizimini shakllantirishdan iborat. Unda respublika miqyosida suv hisobini to‘liq yuritish, ma’lumotlar bazasini raqamli shaklga o‘tkazish hamda suv iste’molchilari haqida ma’lumotlarni elektron tarzda shakllantirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, sug‘oriladigan yerlar haqidagi ma’lumotlar ham elektron tizim orqali nazorat qilinadi. Bu maqsadlar suvdan foydalanish jarayonida inson omilini qisqartirish, aniq hisobot yuritish va ma’lumotlarning avtomatik tarzda yig‘ilishiga zamin yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, suv resurslarini oqilona boshqarish va ulardan barqaror foydalanish imkonini beradi.

Farmonda belgilangan eng muhim islohotlardan biri «Suv hisobi» axborot tizimining joriy qilinishi bo‘lib, u suv yetkazib beruvchi va foydalanuvchi o‘rtasidagi elektron dalolatnomalarni shakllantirishni nazarda tutadi. Agar foydalanuvchi belgilangan muddatda e’tiroz bildirmasa, dalolatnoma avtomatik ravishda tasdiqlangan deb hisoblanadi. Bu holat ma’muriy jarayonlarni tezlashtiradi, ammo foydalanuvchilar huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan qonunchilikda qo‘shimcha kafolatlar joriy etish zaruratini tug‘diradi. Shuningdek, suv sarfini aniq o‘lchash imkoni bo‘lmagan hollarda, sarf miqdori sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari va “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi orqali hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Bu axborotlarning ishonchliligini ta’minlash uchun jamoatchilik nazorati va ma’lumotlarni ochiqlikda taqdim etishda muhim ahamiyatga ega.

Farmonga ko‘ra, ikki muhim davlat muassasasi tashkil etildi: Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi hamda Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi. Birinchi markaz raqamlashtirish, axborot tizimlarini joriy etish va monitoring ishlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Ikkinchi markaz esa suv sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyati, strategiya ishlab chiqish va barqaror rivojlanish loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Bu markazlarga davlat byudjeti mablag‘lari bilan bir qatorda grantlar, homiylik mablag‘lari va boshqa qonuniy manbalardan moliyalashtirish huquqi berilgan. Bu esa sohada innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi.

Bundan tashqari, «Suv holati markazi», "Smart Water", "Tomchi Yer", "Nasos stansiyalari" kabi raqamli tizimlarni yagona raqamli suv xo‘jaligi axborot tizimiga birlashtirish belgilangan.  

Bu tizimlar suv resurslaridan foydalanish, nasos stansiyalarining ishlash holati, sug‘orish jarayonlari haqida aniq va tezkor ma’lumotlarni yig‘ish imkonini beradi. Farmonda davlat suv kadastrini yaratish va uni yagona axborot tizimiga integratsiya qilish vazifasi belgilangan.  

Buning uchun 2026 yil 1 apreliga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Geologiya va meteorologiya xizmati agentliklari hamkorlikda ma’lumotlar bazasini shakllantirishi kerak. Shuningdek, nasos stansiyalarida elektr energiyasi hisobini avtomatlashtirish va ma’lumotlarni "Nasos stansiyalari" tizimiga ulash bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan. Bu islohot suv resurslari, yer osti suvlari va sug‘orish suvi haqidagi ma’lumotlarni yagona platformada jamlashni ta’minlaydi. Bu esa davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini osonlashtiradi hamda resurslarni boshqarishda shaffoflikni kuchaytiradi.

2026 yil uchun davlat byudjeti hisobidan suv sohasini raqamlashtirish ishlariga kamida 50 milliard so‘m ajratilishi belgilangan. Shu bilan birga, markazlar faoliyatini moliyalashtirishda byudjetdan tashqari manbalar, grantlar va xomiylik mablag‘laridan foydalanish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bu moddiy asos sohadagi raqamlashtirish jarayonlarini uzluksiz davom ettirish va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.  

Farmon suv sohasidagi davlat boshqaruvini raqamli asosda qayta qurishga qaratilgan ilg‘or islohotdir. U suvdan foydalanish hisobotini avtomatlashtirish, ma’lumotlar integratsiyasini ta’minlash va davlat idoralari o‘rtasidagi axborot oqimini birlashtirish orqali samaradorlikka erishishni ko‘zlaydi. Biroq, amaliyotda bir qator muammolar yuzaga chiqishi mumkin. Birinchidan, ma’lumotlar sifatini ta’minlash va turli tizimlar o‘rtasida muvofiqlikni saqlash texnik qiyinchilik tug‘diradi. Ikkinchidan, elektron dalolatnoma tizimida foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, kichik fermerlar uchun muhim masala hisoblanadi. Uchinchidan, yangi markazlarning samarali ishlashi kadrlar salohiyati va mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishiga bog‘liq.

Xulosa qilib aytganda, farmon O‘zbekistonda suv xo‘jaligini raqamlashtirish va barqaror rivojlantirish sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. U suv resurslarini hisobga olishni to‘liq raqamlashtirish, davlat suv kadastrini yaratish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va maxsus markazlar tashkil etish orqali sohadagi huquqiy va institutsional islohotlarni chuqurlashtirdi. Farmonning amaliyotga joriy etilishi natijasida mamlakatda suv resurslarini boshqarishda shaffoflik, hisobdorlik va samaradorlik oshadi.  

Shu bilan birga, uning muvaffaqiyati suv hisobini avtomatlashtirish, ma’lumotlarning ishonchliligi va foydalanuvchilarning huquqiy himoyasi qanchalik ta’minlanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA