Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv sarfini kamaytirish: yechim hamjihatlik va tartibda
11:20 / 2023-07-07

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis boshchiligidagi delegatsiya Samarqand viloyatida suvdan oqilona foydalanish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Xususan, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida suv sektorini raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Unda Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev hamda boshqa mas’ullar ayni paytda yurtimiz suv xo‘jaligidagi muammolar, ularni bartaraf etishning maqbul yechimlari yuzasidan fikr almashishdi.  

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda iqlim o‘zgarishlari natijasida daryo havzasidagi qor qoplami va muzliklarning maydoni qisqarmoqda. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yil davomida Zarafshon daryosining yillik suv oqimi hajmi 15 foizgacha kamaygan. Suv resurslari yildan-yilga kamayib borayotgan sharoitda suv sektorini, xususan suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanishni tashkil qilish ishlarini raqamlashtirish orqali amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, bugungi kunda yurtimizda elektron hukumatning milliy maqsadlari doirasida ilg‘or texnologik yutuqlardan foydalangan tarzda suv xo‘jaligi faoliyatini raqamlashtirish, ma’lumotlarni yig‘ish institutlarini kuchaytirish, sohada innovatsion axborot-kommunikatsion texnologiyalarni faol qo‘llash va suvdan foydalanishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bunda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

[gallery-12630]

Loyiha doirasida mamlakatimizdagi 155 tuman irrigatsiya bo‘limlari ofislari ta’mirlanib, zarur uskunalar va jihozlar bilan ta’minlandi. Xodimlar ushbu uskunalar va kompyuter dasturlaridan foydalanish bo‘yicha o‘qitildi.  

– Yer yuzidagi iqlim o‘zgarishi va aholi sonining oshishi, shuningdek, geosiyosiy tortishuvlar ta’sirida transchegaraviy daryolardan foydalanishdagi nomuvofiqliklar sabab suv resurslari bilan bog‘liq muammolar yildan yilga ko‘payib bormoqda, – deydi Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis. – Xususan, Markaziy Osiyodagi eng murakkab muammolardan biri suv resurslari bilan bog‘liq ekanligi hech kimga sir emas. Bunda transchegaraviy daryolardan foydalanish borasida yuzaga kelayotgan muammolar daryo oqimining quyi qismidagi davlatlar uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shuning uchun mintaqadagi barcha davlatlar o‘zaro hamkorlikda, transchegaraviy daryolardan tartibli foydalanishi zarur. Suv resurslaridan foydalanishda samaradorlikni oshirib, suv sarfini kamaytirish kerak. Jarayonda aholining suv resurslariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish ham muammo yechimida muhim. Aynan bunday murakkab vaziyatda Shveysariyada sinovdan o‘tgan nazariy va amaliy tajribalarni amaliyotga tatbiq etgan holda ijobiy yechim topish maqsadidamiz. Albatta, vaziyat ancha murakkab, ammo yechim topish mumkin. Yechim hamjihatlik va tartibda. Eng muhimi, bu muammo mintaqadagi barqarorlikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.  

– Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi 36 milliondan oshdi va aholi jon boshiga suv sarfi 1500 metr kubdan to‘g‘ri kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev. – Shuningdek, 64 milliard metr kub suvimiz 51 milliard metr kubgacha kamaydi. Ushbu murakkab vaziyatni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan suv xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” ana shunday samarali ishlardan biri. Ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar suv xo‘jaligini rivojlantirish va resurslardan samarali foydalanishni tashkil qilishda ijobiy natijalarni bermoqda. Ayniqsa, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni joriy etish, tizimni texnologik yangilash, kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni alohida ta’kidlash lozim. Albatta, o‘zaro hamkorligimiz mintaqadagi suv resurslari bilan bog‘liq muammolarga yechim topish imkonini beradi.  

Shveysariya delegatsiyasi Zarafshon daryosidagi Oq-Qoradaryo gidrotexnik inshooti va Samarqand tumani irrigatsiya boshqarmasi faoliyati bilan tanishib, kelgusi vazifalar haqida mutasaddilar bilan fikrlashib oldi.  

 

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (surat), O‘zA