Suv xo‘jaligi sohasi zamonaviy yondashuvlarni talab qiladi. Shu bois, hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslari muhim ahamiyatga ega.
Poytaxtimizda tashkil etilgan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari ishtirokchilarga nazariy bilimlarni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar va samarali boshqaruv usullari bilan yaqindan tanishish hamda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatini berdi.

Tadbir davomida tinglovchilar nazariy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, amaliyotga oid bilimlarini ham mustahkamladi. Poytaxtimizdagi “TEXNOPARK” MCHJning import o‘rnini bosuvchi keng assortimentdagi sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari va maishiy texnika vositalarini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etgan suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev har bir xodimning muntazam bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi, izlanishi va o‘rganishi mamlakatimizda suv resurslarini samarali boshqarish hamda sohada ilg‘or texnologiyalardan keng foydalanish uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, ishtirokchilar “O‘zmaxsussuvta’mirta’minot” va “Suvmash” AJlari faoliyatini o‘rgandi. Unda mutaxassislar qayd etganidek, “O‘zmaxsussuvta’mirta’minot” AJ mamlakatimizdagi elektr dvigatellar, generatorlar va nasos uskunalari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan hisoblanadi. Korxona faoliyati loyiha hujjatlarini tayyorlashdan tortib, yetkazib berish, montaj qilish va ob’ektni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi.
“Suvmash” AJ sanoatning turli yo‘nalishlari uchun yuqori sifatli nasos uskunalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ushbu korxonalarga tashrif tinglovchilar uchun har jihatdan foydali bo‘ldi.
Tadbir yakunida barcha tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA