Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish zarur
16:55 / 2023-08-26

Suv resurslari yildan-yilga kamayib borayotgani sir emas. Shu bois ko‘pgina mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida suv resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati nazorat - tahlil tartibida o‘rganilgan.  

Mazkur o‘rganishlar yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda har ikkala viloyatdagi holatlar qizg‘in muhokama qilindi.

– Andijon viloyatda 2023 yilda jami 22,7 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan, – deydi qo‘mita a’zosi Islom Xushvaqtov. – Qashqadaryo viloyatida esa 417 ming gektardan iborat sug‘oriladigan yerlar mavjud bo‘lib, 2023 yilda 26 mingdan ziyod gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda 12,4 ming gektarda lazerli tekislash tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda 11,4 ming gektar maydonda qurilish ishlari boshlangan, 6 ming gektardan ziyod maydonda suv tejovchi texnologiya joriy etilgan.

O‘rganishlar davomida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va foydalanishda bilim va ko‘nikma yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi. Tijorat banklari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun kredit foiz stavkalari yuqori. Kredit mablag‘larini ajratish mexanizmi esa murakkabligicha qolyapti.  

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qiluvchi talabgorlardan ortiqcha hujjatlar talab qilinmoqda. Hududlarda elektr va suv ta’minoti inobatga olinmay, texnologiya joriy etilishi narxning ortishi hamda sug‘orish mavsumida kafolatli suv bilan ta’minlanmasligiga olib kelyapti.

Qo‘mita a’zolari mavjud muammolarni hal etish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

M.Komilova, O‘zA