Mamlakatimizda suv va suvni boshqarish masalasi mamlakatning iqtisodiy va ekologik barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega. Suv resurslarini samarali boshqarish orqali dehqonchilik, sanoat va ichimlik suvi ta’minoti muammolari samarali hal etiladi.
Suvning hisob-kitobini aniq yuritish, shaffof taqsimlash, suv resurslarini samarali boshqarish va oqilona foydalanish zarur. Shu bilan birga, aholi tomonidan va iqtisodiyot korxonalarida suvdan tejamkorlik bilan foydalanish madaniyatini shakllantirish ham bugungi kun talabidir.
Suv xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Laziz Boboqulov bu jarayonda kadrlar salohiyatini oshirish chora-tadbirlari ham samarali amalga oshirilayotganini ta’kidladi:
– Suv xo‘jaligi sohasida gidrometrlar suvning hisobi va hisobotini yuritish va suv o‘lchash kabi ishlarni olib boradi. Bugungi kunda vazirlik tizimidagi tashkilotlarda 1 ming 553 nafar gidrometr mehnat qiladi, shundan 307 nafari bosh va muhandis gidrometr, 1 ming 251 nafari texnik gidrometr lavozimida faoliyat yuritadi. Respublika bo‘yicha 23 ming 921 dona gidropost va 1 ming 116 dona suv o‘lchash vositasi mavjud.
Joriy yilning 9 oyida 15 ming 350 ta gidropost ta’mirlandi, 5 ming 930 tasining pasporti yangilandi, 8 ming 450 tasining attestatsiya hujjatlari namunaviy shaklda rasmiylashtirildi. Yil boshidan buyon suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan 35 ta suv o‘lchash vositasi, 4 940 ta reyka va 136 ta shtanga sotib olindi. Respublika bo‘yicha tasdiqlangan rejaga asosan jami 529 ta vertushka qiyoslash va tarirovka ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Vazirlik tomonidan o‘quv-seminarlar, treninglar tashkil qilinib, gidrometr mutaxassislarning malakasi oshirib kelinmoqda. Shu kunlarda gidrometrlar uchun navbatdagi o‘quv-seminari o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi Suvchilar maktablarida bo‘lib o‘tayapti va barcha hududlardagi gidrometrlarni qamrab olgan.
Seminarning dastlabki kunida ishtirokchilarga nazariy bilimlar berildi. Bugun tadbirning ikkinchi kunida gidrometrlarga turli suv o‘lchash vositalarini ishlatish, ochiq havzalarda suvning hisobini yuritish batafsil tushuntirildi. Uch kunlik mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etiladi.
Xulosa qilib aytganda, suv resurslarini samarali boshqarish va gidrometr kadrlarini rivojlantirish chora-tadbirlari mamlakatda suvdan oqilona foydalanish va uning barqarorligini ta’minlashda muhim qadamdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.