French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslarini boshqarishda ayollar faolligi oshiriladi
14:23 / 2026-01-31

FOTOREPORTAJ

Buxoro viloyati Romitan tumanida “Suv boshqaruvida ayollar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini kuchaytirish” mavzuida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda Zarafshon daryosi havzasida xotin-qizlarning suv resurslarini boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishi, tez-tez kuzatilayotgan qurg‘oqchilik va suv tanqisligi so‘nggi yillarda eng dolzarb global muammolardan biriga aylangani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun suv resurslarini barqaror va samarali boshqarish masalalari alohida ahamiyatga ega. Mamlakatimizda suv muammolarining dolzarbligi shundaki, suv resurslarining qariyb 80 foizi respublika chegaralaridan tashqarida shakllanadi, atigi 20 foizi esa mamlakat ichida hosil bo‘ladi. Bunday sharoitda transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Ushbu masalalarni hal etish maqsadida Zarafshon daryosi havzasida Shveysariya hukumati tomonidan Shveysariya Taraqqiyot va Hamkorlik Agentligi (SDC) orqali moliyalashtirilayotgan hamda Caritas Switzerland va Markaziy Osiyo mintaqaviy atrof-muhit markazi (CAREC) konsorsiumi tomonidan amalga oshirilayotgan “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish” loyihasi ijro etilmoqda. Loyiha doirasida suvni tejash va samarali foydalanish choralari, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish, iqlim monitoringi stansiyalari hamda tuproq va yer osti suvlarini kuzatish uchun avtomatlashtirilgan quduqlar o‘rnatish, shuningdek, mahalliy aholining salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quv tadbirlari nazarda tutilgan.

[gallery-27406]

Tadbir suv resurslarini boshqarishda ayollar faolligini oshirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida gender tengligini ta’minlashga qaratildi. O‘quv-seminarida fermer ayollar, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari hamda tegishli mutaxassislar ishtirok etdi. Muhokamalarda iqlim o‘zgarishiga moslashishda ayollarning roli va mahalliy darajada suv resurslarini boshqarishda inklyuziv mexanizmlarni joriy etishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Treningning amaliy qismida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, mavjud muammolarni tahlil qildi hamda suv resurslarini boshqarishda ayollar ishtirokini yanada oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqdi.

Tohir ISTATOV (surat), O‘zA