Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslaridan samarali foydalanishning zamonaviy yechimlari
11:18 / 2025-11-20

Suv – hayot manbai va uning oqilona boshqarilishi zamon talabiga aylangan. So‘nggi yillarda dunyodagi suv tanqisligi tobora sezilarli darajada ortmoqda va bu masala Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga kelib Sirdaryo havzasida suv zaxirasi 5 foizga, Amudaryo havzasida esa 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, aholi o‘sishi hisobiga suvga bo‘lgan talab 2030 yilga borib 7 milliard kub metrga yetishi, 2050 yilda esa qariyb ikki barobar ko‘payishi mumkin.

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish tizimi so‘nggi yillarda tubdan isloh qilinmoqda. Asosiy yo‘nalish – suvdan oqilona va samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashdir. Bu jarayon 2023 yil 1 aprelda Prezidentimizning “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ham amalga oshirilmoqda. Qaror suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, fermer va dehqonlarni rag‘batlantirish, sug‘oriladigan maydonlarni modernizatsiya qilish va bozor mexanizmlarini keng tatbiq etish orqali sug‘orish tizimini zamonaviylashtirishga qaratilgan.

“BMB Holding” tizimidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan korxonalarda za’faron, sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirishda Polshaning ilmiy laboratoriyalari tomonidan ishlab chiqilgan “Agro Nano Gel Basic” gidrogeli qo‘llanildi. Shu tajribalar Jizzax viloyatining Arnasoy, Baxmal va G‘allaorol tumanlarida ko‘rgazmali seminarlar shaklida amalga oshirildi.

Ikki yillik tajriba shuni ko‘rsatdiki, gidrogel qovun urug‘ini ekish va pomidor, bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini parvarish qilishda suvga bo‘lgan talabni samarali qondirdi, poya va chinbarglarning baquvvatligini ta’minladi, vegetatsiya davridagi hosildorlikni oshirdi. Gullash fazalari va fotosintez jarayonlaridagi ijobiy natijalar gidrogelning samaradorligini yana bir bor isbotladi.

Xulosa qilib aytganda, “Agro Nano Gel Basic” gidrogeli qurg‘oqchilikka qarshi kurash, namlikni ushlab turish va haroratning tez o‘zgarishidan hosilga keladigan zararni yumshatishda samarali yechim hisoblanadi. Bu texnologiya suv resurslaridan oqilona foydalanishda innovatsion yondashuv sifatida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega va Prezident qarorida belgilangan vazifalarning amaliy ifodasi hisoblanadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari