Qaror va ijro
Mamlakatimizda keyingi yillarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvni tejash maqsadida sug‘oriladigan maydonlarda suvtejamkor texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Suv – mamlakatimiz uchun strategik resurs hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, transchegaraviy suv oqimlarining o‘zgaruvchanligi va sug‘oriladigan yerlar maydonining kattaligi, suvdan samarali foydalanishni talab etadi.

2026–2028 yillar davomida sug‘oriladigan maydonlarni suv tejovchi texnologiyalar bilan umumiy qamrovini sezilarli darajada oshirish vazifasi belgilangan. Tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish va diskret (lazerli tekislash) texnologiyalarni joriy qilish orqali har yili milliardlab kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan. Bu nafaqat suv sarfini qisqartirish, balki hosildorlikni, mineral o‘g‘itlardan foydalanish samaradorligini oshirish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qarorning muhim jihatlaridan yana biri, suv solig‘i va iqtisodiy rag‘bat mexanizmlarini takomillashtirishdir. Suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda iste’molchilar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishi va suv o‘lchov qurilmalarini o‘rnatishi shartligi belgilab qo‘yildi. Aks holda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ikki barobar qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda tejamkor texnologiyalarni joriy etgan xo‘jaliklarga subsidiyalar oshirilgan koeffitsiyent bilan hisoblanishi belgilangan. Bu suv tanqisligi sharoitida joylashgan hududlarda zamonaviy texnologiyalarga investitsiya kiritishni rag‘batlantiradi.
Qarorda nazorat tizimini modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi vakolatlari kengaytirilib, uchuvchisiz dronlar orqali monitoring o‘tkazish mexanizmi joriy etildi. Muhimi, dronlar yordamida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari tekshiruv hisoblanmasligi va “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmasligi belgilandi. Bu esa tezkor va samarali nazoratni ta’minlash bilan birga, ortiqcha byurokratik yuklamalarni kamaytiradi.
Shuningdek, qarorda suv o‘lchash va hisoblash bo‘yicha “aqlli” qurilmalarni majburiy tartibda joriy etish, ularni “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilish choralari belgilangan. Bu suv sarfini real vaqt rejimida nazorat qilish, yo‘qotishlarni aniqlash va adolatli taqsimotni ta’minlash imkonini beradi.
Qarorning yana bir ijobiy jihati sohada kadrlar salohiyatini oshirish va ilmiy asoslangan yondashuvni kuchaytirishdir. Suv tejovchi texnologiyalarning samaradorligini baholash, minimal texnik talab va me’yorlarni ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini standartlashtirish orqali joriy etilgan texnologiyalarning haqiqiy natijasiga qarab imtiyoz berish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bugungi global sharoitda suv tanqisligi dunyo miqyosida jiddiy muammoga aylanib bormoqda. O‘zbekiston sharoitida suv resurslarining cheklanganligi va aholi sonining o‘sishi suvdan oqilona foydalanish naqadar muhim ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, mazkur qaror nafaqat sohaviy, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim hujjatdir.
Shuhratjon Ergashev,
Norin – Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA