Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslaridan samarali foydalanish davr talabi
17:18 / 2026-01-13

Bugungi kunda suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida suv tanqisligi sharoitida har bir tomchi suvdan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish usullarini keng joriy etish, irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berildi. Ular bo‘yicha Toshkent viloyatida ham izchil amaliy ishlar qilinmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, hozir hududda umumiy sug‘oriladigan yer maydoni 287 ming gektarni tashkil etadi. 2026 yilda ushbu maydonning 25 ming 300 gektarida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, bunda tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret hamda egiluvchan quvur va plyonka to‘shab sug‘orish usullariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar suv sarfini kamaytirish barobarida yer unumdorligini saqlash va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. 

Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatning bir qator tumanlarida klaster tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari uchun o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Unda asosiy e’tibor aholining suvni tejash madaniyatini oshirish, suv resurslarini samarali boshqarish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etishning amaliy jihatlariga qaratilmoqda. 

– Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, Chinoz tumanida paxta-g‘alla yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 76 ta fermer xo‘jaligining 2 ming 310 gektar maydonida asosan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilmoqda. Yangiyo‘l, Zangiota, O‘rta Chirchiq va Ohangaron tumanlarida esa “Kavsar” kabi suv tejovchi tizimlarni qo‘llash bo‘yicha amaliy ishlar kengayib bormoqda. Bu jarayonda fermerlar o‘rtasida tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, yangi texnologiyalarning samarasi amalda namoyon etilmoqda, – deydi Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Qurbonov. 

Suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida sug‘orish tarmoqlari va ichki ariqlarni tozalash, ularni betonlash ishlari ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu ishlar kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilib, ichki tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash, suvning manzilga to‘liq yetib borishini ta’minlashga qaratilgan. Natijada ekin maydonlarini barqaror suv bilan ta’minlash imkoniyati kengaymoqda. 

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda kompleks yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda faqat zamonaviy sug‘orish uskunalarini o‘rnatish bilan cheklanib qolmasdan, kanal va ariqlarni tartibga keltirish, betonlash, fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ham birdek ahamiyatga ega. Bu esa har bir kub metr suvdan maksimal samara bilan foydalanish imkonini beradi. 

Xulosa qilib aytganda, Davlat rahbarining Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar viloyatda aniq reja va amaliy ishlar bilan uyg‘un holda ijro etilmoqda. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va fermerlarning mas’uliyatini oshirish orqali qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishga erishish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. 

A.Musayev, O‘zA.