Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishning innovatsion yechimlari dunyo olimlari talqinida
19:35 / 2025-10-08

Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida “Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Jahonning qirqqa yaqin mamlakatidan 150 nafardan ortiq ilm-fan, oliy ta’lim va ishlab chiqarish sohalarining yetakchi vakillari ishtirok etayotgan ushbu anjumanda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish masalalariga qaratildi. 

Anjumanning ochilishida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Baxtiyor Xudoyorov, Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev va boshqalar so‘zga chiqib, global iqlim o‘zgarishlari tufayli dunyoning ayrim hududlarida suv toshqinlari kuzatilayotgan bo‘lsa, yana boshqa hududlari qurg‘oqchilik kabi ekstremal hodisalarning ko‘payishiga sabab bo‘layotganligini ta’kidladi.

Ma’lumki, bunday jarayon jahon xalqlaridan iqlim o‘zgarishlarining oldini olishda yakdillik bilan harakat qilish, mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suvga doimiy e’tibor qaratishni talab qiladi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda bu borada keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi, Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi hamda boshqa bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyevning qayd etishicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati, sa’y-harakatlari natijasida qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro do‘stona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyo mintaqasidagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. 

– BMT Bosh Assambleyasi, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari kengashi va boshqa nufuzli anjumanlarda Prezidentimiz nafaqat xalqimiz, balki mintaqa xalqlarining manfaati va farovonligi yo‘lida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, yaqinda davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida suv resurslari taqchilligi insoniyat oldida turgan eng jiddiy global muammolardan biri sifatida qayd etildi. Dunyo aholisining ikki milliarddan ortig‘i hanuzgacha toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emasligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Kelgusi yilning aprel oyida yurtimizda mazkur nufuzli xalqaro anjumanni yuqori darajada o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Forum dunyo miqyosida suv resurslarini boshqarish va tejash bo‘yicha ilg‘or tajribalar, zamonaviy yondashuvlar hamda yangi yechimlar uchun ochiq muloqot maydoni bo‘lishi kutilyapti, –dedi R.Qarshiyev.

Aytish joizki, mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada suv resurslarini tejamkor va samarali boshqarish, ekologik muvozanatni saqlash hamda ilmiy innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari keng muhokama qilinmoqda. Olimlarning ta’kidlashicha, anjuman milliy va xalqaro mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, yangi ilmiy g‘oyalar hamda texnologiyalarni tatbiq etish imkoniyatini yaratadi. 

Eslatib o‘tamiz, anjuman 10 oktyabrga qadar davom etadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA