Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslaridan oqilona foydalanish bugunning dolzarb masalasidir
16:50 / 2025-12-23

Bugun suv haqida gapirish odatiy mavzudek tuyulishi mumkin. Aslida esa bu shunchaki ne’mat emas, u inson salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiyot va kelajak taraqqiyotining bir qismidir.

Dunyoning ko‘plab hududlarida suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan bir paytda unga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish — bugunning eng dolzarb masalalaridan biri.

Keyingi yillarda mamlakatimizda suvni tejashga qaratilgan choralar hattoki butun mintaqa barqarorligini mustahkamlash uchun ham asqatmoqda. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida nafaqat O‘zbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari, yaqin va uzoqdagi xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlarning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari, maqsadlari, murakkab bir davrda ular oldida turgan, hal etilishi lozim bo‘lgan eng muhim masalalarni belgilab berdi hamda ularni hal etish bo‘yicha aniq takliflar bildirdi.

Xususan, o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolari, jumladan, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligi, suv resurslarining taqchilligi, dunyo aholisining ikki milliarddan ortig‘i toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emasligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazishni rejalashtirilganligini, Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilashni, global darajada innovasion texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilinishini bildirdi.

Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migrasiyasining kuchayib borayotganligi, bu masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish taklif etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan mintaqamizda qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif etildi.

Jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilishga e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘lish yurtimizda ham bir qator muhim qaror va me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta maqsadlar belgilab berildi. Shuningdek, 2025 yil 30 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi qabul qilindi.

Bundan tashqari, 2025 yil 13 oktyabrda qabul qilingan  “Suv sohasini raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish va barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, endilikda, suv hisobini yangi yondashuv asosida yuritish, ya’ni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish belgilandi.

Bunda “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va iste’molchilarga elektron tarzda ma’lum qilinadi. Tizim hisob-kitoblar jarayonida inson omilini kamaytib, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.

Ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash maqsadida “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali sug‘oriladigan yerlar, ekin turlari va suv limitlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi.

Shuningdek, sohadagi barcha ma’lumotlarni bir tizimda jamlash uchun Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi hamda qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, hujjat asosida sohada “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratilishi belgilab berilgan. U orqali suv resurslariga oid ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yig‘iladi va yagona bazada shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, ma’lumot almashish jarayonini soddalashtirib, hisobotlarni qog‘ozda yuritish amaliyotini qisqartiradi. “Davlat suv kadastri” tizimini 2026 yil apreliga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu jarayonda fermerlarimiz suv tejovchi texnologiyalarni joriy etilishidan manfaatdor va jarayonda juda faol ishtirok etmoqda.

Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, bugunga qadar respublika bo‘yicha jami 2,8 million gektar maydonda sug‘oriladigan ekin maydonlarning 66 foizga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilishga erishildi.

Tomchilab sug‘orish maydonlari keskin ko‘paytirildi. Natijada, keyingi yillarda tomchilatib sug‘orish tizimi jadal sur’atlar bilan kengaydi. Ayrim hududlarda paxta, bog‘dorchilik va sabzavotchilikda 40–60 foizgacha suv tejalishiga erishildi. Bu nafaqat suvni, balki o‘g‘it va energiya sarfini ham kamaytirdi.

Shu bilan birga, lazerli tekislash texnologiyalari keng ommalashtirildi. Lazerli tekislash qishloq xo‘jaligi yerlarida suvning bir xil tarqalishini ta’minladi, o‘suv davrida 15–20 foiz hosildorlik oshishi kuzatildi. Bu agrotexnologiya fermerlar tomonidan eng samarali innovatsiyalardan biri sifatida baholanmoqda.

Yana bir jihat, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish uskunalariga subsidiyalar berildi. Suv tejaydigan uskunalarning qiymatining 30–40% qismi, sarflangan elektr energiyasi to‘lovlari 100 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi fermerlarning qiziqishini yanada oshirdi. Hukumatning qo‘shimcha kredit va lizing imtiyozlari esa texnologiyani ommaviy joriy etishga yo‘l ochdi.

Bu borada agrosektorda raqamlashtirish va sensor nazorati yaratildi. Suv iste’molini aniqlash, namlik sensorlari, dron orqali monitoring va avtomat sug‘orish tizimlari qo‘llanila boshlandi. Ayrim yirik xo‘jaliklar 30 foizgacha ishlab chiqarish xarajatlarini tejashga erishmoqda.

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, raqamli tizimlar, innovatsion texnologiyalar va davlat qo‘llab-quvvatlashi natijasida sohada samarali tizim shakllanmoqda. Bu esa suv resurslarini barqaror boshqarish va qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirishga keng yordam bermoqda.

Zafar MUSTAFAQULOV,

O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi o‘rinbosari.

O‘zA