Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslari tanqisligi muammosi e’tiborda
21:03 / 2022-09-13

Joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ushbu sammit dunyoda shiddatli geosiyosiy jarayonlar kechayotgan paytda o‘tkazilayotganligi hamda sammitda Turkiya, Eron, Ozarbayjon davlatlari Prezidentlari, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri, BMT, MDH, KXSHT, YeOIK, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etayotganligi bilan yanada dolzarb ahamiyatga ega.

SHHTning Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu oliy darajadagi sammiti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» mavzusidagi maqolasi e’lon qilindi.

Maqolada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch chuqur tanazzulga yuz tutayotganligi sababli xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini, geosiyosiy qarama-qarshiliklarning va «bloklarga mansublik» stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfi yuzaga kelayotganini, jahon iqtisodiyoti avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishi va global ta’minot zanjirlari tiklanishi jarayoni murakkablashayotganini, dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarni yanada keskinlashtirayotganini alohida ta’kidlagan.

Bundan tashqari, zamonimizning dolzarb va global muammolari sifatida global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligi ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi ham keltirib o‘tilgan.

Haqiqatdan ham, bugungi kunda dunyoning aksariyat mintaqalarida suv resurslari tanqisligi muammosi yuzaga kelmoqda. Buning asosiy sabablari sifatida global isishni, sayyoramizdagi ekotizimning buzilishini, davlatlar iqtisodiyoti ko‘lami va aholisi soni o‘sib borishi natijasida qo‘shimcha suv resurslariga talabning ortishini keltirish mumkin. Hozirda dunyoning turli mintaqalarida suv resurslari tanqisligi muammosi davlatlararo munosabatlarda keskinlikning ortib borishiga, hatto harbiy kuch ishlatishgacha borib yetishiga sabab bo‘lmoqda.

Aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda suv resurslari tanqisligi muammosi Markaziy Osiyo mintaqasida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. XX asrning 90 yillarida esa Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishganidan so‘ng sodir bo‘lgan iqtisodiy va demografik o‘sish suv resurslariga bo‘lgan talabni ko‘p karra oshirdi. Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, oxirgi 40 yil ichida Markaziy Osiyoda suv ta’minoti hajmi yiliga kishi boshiga 8,4 mingdan 2,5 ming kubmetrgacha kamaydi, 2050 yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 90 million kishiga va suv tanqisligi 25-30 foizga ko‘payadi, suv ta’minoti hajmi esa kritik darajaga – yiliga 1,7 ming kub metrdan kamroqqa yetadi.

Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligi davrida suv resurslari tanqisligi muammosi mintaqadagi davlatlararo munosabatlarda ma’lum bir keskinlikni keltirib chiqardi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Lekin bugungi kunga kelib, O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy o‘rinni egallashi va «yaqin qo‘shnichilik» tamoyilining keng joriy etib borilishi mintaqadagi siyosiy muhitning yaxshilanishi va sog‘lomlashuviga olib keldi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suv resurslari tanqisligi muammosini yechish bo‘yicha nisbatan samaraliroq va barcha davlatlar manfaatlarini inobatga oluvchi turli xil ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil 21 iyulda Cho‘lponota shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi ostida Markaziy Osiyo uchun «Yashil kun tartibi» mintaqaviy дастурининг qabul qilinishi shular jumlasidan.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari tanqisligi muammosini konsensus va har bir davlatning manfaatlarini inobatga olgan holda yechishga qaratilgan sa’y-harakatlar olib borilmoqda, ammo ushbu sa’y-harakatlar tizimli tusga ega emas va asosan alohida muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan. bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari tanqisligi muammosini tizimli va yanada samaraliroq hal etish maqsadida quyidagi takliflar bildiriladi:

mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanishni tartibga solish maqsadida tashkil etilgan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiya faoliyati va nizomini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish;

davlatlar sanoati, qishloq xo‘jaligi va aholisining kundalik hayotida suvdan oqilona foydalanish imkoniyatini beruvchi zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish;

SHHT doirasida suv resurslari tanqisligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratish.

Davlatimiz rahbari maqolasida hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emasligi, davlatlar ham mintaqaviy, ham global muammolarni hal qilishda nafaqat o‘z milliy manfaatlari, balki boshqa davlatlar va xalqaro munosabatlar sub’ektlari manfaatlarini ham inobatga olishlari kerakligi tilga olingan. Bu xususida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir», deya ta’kidlagan.

Maqolada yuqorida sanab o‘tilgan global muammolar xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, SHHTga a’zo davlatlar oldida turgan dolzarb va yechimini kutayotgan masalalar ekanligiga to‘xtalib o‘tilgan. Bunda SHHT endigina 20 yillik tarixga ega nisbatan yosh tashkilot bo‘lishiga qaramay, o‘z maqsadlari va vazifalari doirasida dunyodagi turli rivojlanish modeliga, madaniyatga, dinga, qadriyatlarga va iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatlarni birlashtira olganligi hamda o‘z faoliyati davomida ularning o‘zaro hamkorligini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yganligi e’tirof etilgan.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz maqolasida yoritilgan masalalar va takliflar chuqur tahliliy asosga va global darajadagi davlatlararo munosabatlarning kelajagini prognoz qilish xarakteriga ega ekanligi bilan ilmiy hamjamiyat a’zolari, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Amirbek KENJAEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament

tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi