English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv resurslari – kelajak uchun
18:50 / 2022-03-22

22 mart – Butunjahon suv kuni

Dunyo aholisi soni o‘sib, sanoat rivojlanib, global iqlim o‘zgarishlari tufayli yog‘inlar miqdori kamayib borayotgan bugungi sharoitda suvga bo‘lgan talab muttasil ortmoqda.  Obi hayotning har tomchisidan oqilona va unumli foydalanish insoniyatning eng muhim kundalik vazifalaridan biriga aylangan.

1992 yil 22 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining har yili 22 martni Butunjahon suv kuni sifatida keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. 1993 yildan dunyo mamlakatlarida nishonlab kelinayotgan suv kuni tadbirlarining ahamiyati shundaki, unda faol ishtirok etish, hech bo‘lmaganda shu kuni har qatrasi qadrli bo‘lgan tabiatning bu bebaho ne’matidan oqilona foydalanish yoki atrofidagilarning e’tiborini ayni masalaga qaratish jamiyatni har bir ongli a’zosining burchi sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda ham har yili ushbu muhim sanani suvni muhofaza qilishga qaratilgan turli shiorlar ostida nishonlash an’anaga aylangan.

Jumladan, o‘tgan yillarda “Dunyoda suv yetarlimi?”, “Suv resurslari kelajak uchun”, “Umumiy suv resurslari – umumiy imkoniyatlar”, “Tabiat va suv”, “Suv qadri” kabi shiorlar ilgari surildi. Bu yil esa asosiy e’tibor yer osti suvlariga qaratilmoqda.

bugungi kunda dunyoning aksariyat qurg‘oqchil hududlarida yer osti suvlaridan keng foydalaniladi. Yer osti suvlarini o‘rganish, muhofaza qilish va barqaror foydalanish o‘sib borayotgan dunyo aholisining ehtiyojlarini qondirishda muhim o‘rin tutadi.

Okean va yirik dengizlardan ancha olisda – qurg‘oqchil mintaqada joylashgan O‘zbekiston uchun suvning ahamiyati benihoya katta. Respublikamizda foydalaniladigan suv rusurslarining 80 foizdan ortig‘i qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalari hududida joylashgan tog‘lardagi qorlar va muzliklar hisobiga shakllanadi.

Shu jihatdan olib qaraganda, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng ko‘p aholi istiqomat qiladigan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ko‘p jihatdan, boshqa mintaqalarda bo‘lgani kabi tabiiy resurslarga, xususan, suv resurslariga bog‘liq. Qolaversa, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarining, jumladan, agrar sohaning rivojlanishini suv resurslarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Barchaga ma’lum, mintaqamizda suv resurslari yildan yilga kamayib, unga ehtiyoj esa ortib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda ham suv resurslari o‘rtacha ko‘p yillikka nisbatan 10 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.  Suv aholining turmush farovonligini ta’minlovchi ne’mat bo‘lib, vazirlik tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 33 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilib, obi hayotning har tomchisini qadrlash, isrof qilmaslik, undan unumli foydalanish uchun harakat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida bu yil suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard m3 suvni tejash ko‘zda tutilgan.

Bunda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazer tekislash evaziga 3 milliard. m3, irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash tadbirlari hisobidan 3,1 milliard m3, AKT va raqamli texnologiyalarni joriy etish, ekinlarni joylashtirishda suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish va qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida 0,9 milliard. m3  suvni tejash ko‘zda tutilgan.  Natijada sug‘oriladigan maydonlar uchun me’yorida suv yetkazib beriladi.

Oldingi yillarda boshlangan va o‘z samarasini bergan tizim – suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlar izchil davom ettiriladi. Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 1 mart kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan bu borada yangi tartiblar belgilandi.

Mazkur qarorga asosan  2022 yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, shu jumladan, 230 ming gektar tomchilatib, 28 ming gektar yomg‘irlatib, 2 ming gektar diskret usulda sug‘orish hamda 218 ming gektar maydonni lazerli tekislash rejalashtirilgan. Buning natijasida yil yakuniga borib respublikamiz ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi 27 foizga yetkaziladi.

Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar kengayishi hisobiga ushbu texnologiyalarni ishlab chiqarishga talab ham ortayapti. 2019 yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar bilan shug‘ullanadigan korxonalar barmoq bilan sanarli bo‘lganligi uchun texnologiyalarning 90 foiz uskunalari va butlovchi qismlari xorijiy davlatlardan keltirilgan. bugungi kunda suvni tejovchi texnologiyalarning uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 43 taga yetdi.

Hozirga kelib O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni joriy etish bo‘yicha dunyoda 16-o‘ringa chiqdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 1-o‘rinda turibdi. Joriy yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida 329 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarida 1,5 trillion  so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi.

Jami 253 ta loyiha yakunlanib, 568,7 km kanal, 125,9 km lotok tarmoqlari, 71 ta sug‘orish qudug‘i, 200 mln. m3 suv ombori, 19,9 m3/sek. nasos stansiyalari, 600 km ochiq, 276 km yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 101 ta vertikal drenaj qudug‘i, 62 ta gidrotexnika inshooti foydalanishga topshiriladi.

Buning natijasida 354 ming gektar maydonlarning suv ta’minoti va 150 ming gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanadi, sho‘rlangan yer maydonlari 78,8 ming gektarga, shundan kuchli va o‘rta sho‘rlangan maydonlar 33 ming gektarga qisqaradi.

Sohadagi ustuvor yo‘nalishlardan yana biri – suv xo‘jaligini raqamlashtirishdir. 2022 yilda suv xo‘jaligi ob’ektlariga 6 ming 610 ta zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, 4 ming 540 ta “Aqlli suv” va 2 ming 50 ta meliorativ kuzatuv qudug‘iga sizot suvlari ko‘rsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qilish qurilmasi o‘rnatiladi hamda 20 ta suv xo‘jaligi ob’ekti avtomatlashtiriladi. Natijada 771,0 million. m3 suv tejalishiga erishiladi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidagi “Mirishkor” va “Qamashi” kanallarida Avstraliya davlatining “Rubicon water” kompaniyasi texnologiyalari asosida masofadan boshqarish tizimi yaratiladi.

– Amalga oshirilayotgan islohotlardan bosh maqsad, avvalo  suv resurslaridan maqsadli foydalanish – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Olim Norbekov. – Joriy yilda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 52 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan investitsiya kiritilishi va buning natijasida byudjet mablag‘larining iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda 4 ta loyihaning dastlabki hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli xulosalar olish uchun Moliya vazirligiga taqdim etilgan. Shu bilan birga, 27 ta loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda, 21 ta loyiha yuzasidan xususiy sheriklar bilan muzokaralar davom etmoqda.

Energiyani tejash bo‘yicha tadbirlar hisobiga 2022 yilda 7 milliard  150 million kVt. soat elektr energiyasi sarflanadi va 2021 yilga nisbatan 131 million  kVt. soat elektr energiyasi tejaladi.

Ayni kunlarda barcha hududlarda tumanlar kesimida klaster tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari vakillari uchun ko‘rgazmali amaliy seminarlar o‘tkazilib, suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan suv iste’molchilarini rag‘batlantirish mexanizmlari namunali fermerlar tajribasi misolida ko‘rsatib berilayapti. Mazkur tadbirlarda suvni zovurga tashlash xiyonat ekanligi, suv olish tartibini buzganlik uchun chora ko‘rilishi suv iste’molchilariga tushuntirilayapti.

Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizda tiriklik manbai – suvdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar kelgusi avlodlarimizning ham shu muqaddas zaminda farovon va baxtli hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA