Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Farg‘ona viloyatidagi “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli bo‘lgan, Yozyovon tumanidan oqib o‘tuvchi “Xonobod vetka” tumanlararo kanalini rekonstruksiya qilish ob’ektiga 17,0 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratilib, 13,5 km uzunlikda betonlash va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun bosh pudratchi - “Bog‘dodmaxsussuvpudrat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Farg‘onasuvqurilishinvest” davlat muassasasi, “Dang‘aramaxsussuvpudrat”, “Beshariqmaxsussuvpudrat” va “Farg‘onamaxsussuvpudrat” MCHJlar yordamida ellikka yaqin maxsus texnikalar hamda qariyb 200 nafar ishchi-xodim jalb qilingan.
“Farg‘onasuvqurilishinvest” davlat muassasasi bosh mutaxassisi G‘ayrat O‘rinboyevning aytishicha, kanal to‘liq betonlashtirilgach, suv oqish tezligi ortadi hamda filtratsiya natijasida kanalning foydali ish koeffitsiyenti 95 foizga yetadi. Asosiysi, hududdagi 120 ta fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarining 8 ming 480 gektar maydonlari suv ta’minoti yaxshilanadi.
[gallery-15971]
Ayni kungacha 6,5 km uzunlikda kanal betonlashtirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HmIjmUCzXW0" title="Suv resursidan oqilona foydalanish – dolzarb" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA