Poytaxtimizda suv polosi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi bahslarida 2025 yilning eng kuchli jamoalari nomi aniqlandi.
Erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda mamlakatimiz hududlaridan 12 ta va Qozog‘iston yoshlar jamoasi ishtirok etgan o‘yinlar har jihatdan qiziqarli kechishini ta’minladi.

Ayollar jamoalari o‘rtasidagi uch kunlik bahslarda barcha raqiblarini mag‘lub etgan “Uzbekistan Aquatics” jamoasi mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rasidagi uchrashuvlarda Suv sport turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati jamoasi raqiblaridan har jihatdan ustun ekanligini namoyish etdi.

Ushbu jamoa o‘tkazilgan o‘yinlar davomida Toshkent va Namangan viloyati jamoalarini, shuningdek, “Toshkent”, “Chirchiq” va “Germes” jamoalarini mag‘lub etib, 1-o‘rindan joy egalladi.

Ayollar va erkaklar jamoalari musobaqalarida sovrinli o‘rinlar Xorazm va Namangan viloyati jamoalariga tegishli bo‘ldi.
O‘zbekiston kubogi yakunida g‘olib va sovrindorlar medal va diplomlar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA