Suv polosi mamlakatimizda so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Xususan, milliy terma jamoa oldida kelgusi xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etish, raqobatbardosh jamoa shakllantirish kabi muhim vazifalar turibdi. Shu nuqtai nazardan, Namanganda tashkil etilgan o‘quv-yig‘inlar sportchilarning tayyorgarlik jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Mazkur mashg‘ulotlarning o‘tkazilish joyi sifatida Namagan viloyatining tanlanishi ham bejiz emas. Viloyatda so‘nggi yillarda suv sporti infratuzilmasi yangilanib, zamonaviy basseynlar, sport inshootlari va tayyorlov markazlari barpo etildi. Bu esa suv polosi bo‘yicha milliy jamoa uchun qulay shart-sharoit yaratib, mashg‘ulotlarni samarali o‘tkazish imkonini bermoqda.

Belaruslik mutaxassis Gennadiy Kajemyakinning jalb etilishi esa o‘quv-yig‘in mazmunini yanada kuchaytirdi. Chunki xalqaro tajribaga ega murabbiyning individual yondashuvi, texnika va taktikaga oid zamonaviy metodlari sportchilar salohiyati oshishiga zamin yaratadi. Jamoadagi yosh sportchilar uchun esa bunday mahorat maktabi kelajakdagi katta musobaqalarga psixologik va jismoniy jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.

Shu bilan birga, "Uzbekistan Aquatics" federatsiyasi tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, sportchilarning ilg‘or xorijiy mutaxassislar bilan ishlashi, yangi tayyorlov dasturlarini joriy etish, hududlarda suv sporti yo‘nalishlarini rivojlantirish kabi ishlar terma jamoa uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
Hotam Mamadaliyev (surat)
O‘zA