Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv ostida qolgan qal’alar
07:21 / 2021-10-05

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda ushbu oliygohning tarix fakulteti arxeologiya yo‘nalishi talabalari Mo‘ynoq tumanidagi «Hokim ota» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi «Hokim ota – Sulaymon Baqirg‘aniy ziyorat majmuasi»da arxeologik-etnografiya tadqiqot ishlarini olib borish davomida XII-XIV asrlarga oid tarixiy binolar va moddiy madaniyat namunalarini topishga muvaffaq bo‘ldi.

Qoraqalpoq davlat universiteti Arxeologiya kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent J.Hakimniyazovning ta’kidlashicha, tadqiqot o‘tkazilayotgan hududdan namozgoh, masjid, 5 gektardan ortiq maydonda aholi yashagan hudud va 1,5 ga maydonda qabriston borligi ma’lum bo‘ldi. Hokim ota maqbarasi qoshidagi namozgohda Ro‘za va Qurbon hayit bayramlari o‘tkazilgan. Topilgan masjid 11 asrda qurilganligi aniqlandi. Masjid Xorazmshohlar davlatchiligi paytida qurilgan va Chingizxon istilosi davrida vayron qilingan. Lekin, keyinchalik yana qad rostlagan va ilm-fan rivojlangan. Topilmalar fanga qiziqarli ma’lumotlar va yangiliklar taqdim etadi, chunki, «Hokim ota» ziyoratgohida avval arxeologik izlanishlar olib borilmagan, tadqiqot ishlari birinchi marotaba olib borilmoqda.

Hududdan har xil keramika buyumlari ham topildi.

Hokim ota nomi bilan tanilgan Xo‘ja Sulaymon Baqirg‘aniy (1129-1192) XII asrda yashab o‘tgan Xo‘ja Ahmad Yassaviyning (1105-1167) muridi bo‘lib, u hozirgi “Hokim ota” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida umrguzaronlik qilgan va «Do‘stlik» qishlog‘i hududiga dafn qilingan.

Turkiy musulmon dunyosida Sulaymon Baqirg‘aniy Xo‘ja Ahmad Yassaviydan keyingi avliyo sifatida tan olingan. Shu bois xalq uning qabriga bir necha bor maqbaralar o‘rnatgan. Har gal suv toshqini maqbaraga va mahalliy aholi xonadonlariga jiddiy zarar yetkazib turgan. Masalan, maqbaralar XII, XIV, XVI asrlarda va so‘nggisi Xiva xoni Olloquli tomonidan XIX asrda tiklangan. Lekin, ushbu maqbara daryo toshqini oqibatida suv ostida qolib qulagandan keyin, hashar yo‘li bilan 1978 yilda yangi maqbara barpo qilingan.

Sulaymon Baqirg‘aniy XII asrda Shosh (Toshkent) viloyatida yashagan Zangi otaning (1161-1258 y. haqiqiy ismi Oyxo‘ja ibn Tojxo‘ja) ustozi hisoblanadi. Zangi ota Xo‘ja Sulaymon Baqirg‘aniyning qo‘lida taxminan 10-15 yil ta’lim olgan.

Qoraqalpog‘istonda suv tagida qolib ketgan qal’alar faqat shu emas.

Taxiatoshdan qadimiy qal’a qoldiqlari topildi

2017 yil yanvar oyida Taxiatosh tumani “Keneges” OFY hududida ariq qozayotgan ekskavatorning tishiga kulol idish qoldiqlari ilinib chiqqanida, mahalliy aholi hayron qoladi. Keyinchalik topilgan ko‘plab idish siniqlarini tumandagi 4-sonli maktab qoshidan tashkil qilingan muzeyga eksponatga qo‘yishadi.

– Bolaligimizda shu yerlarda o‘ynab o‘sdik. Yer yuzasiga chiqib turgan devorlarni ko‘rardik. Yugurib yurib, birdaniga yer o‘yilib chuqur joyga tushib qolardik. Xuddi xonaga o‘xshardi, – deydi“Keneges” OFY hududida istiqomat qiladigan Valeriy Mollabayev.

2018 yilda bu yerda marhum arxeolog olim G‘ayratdin Xo‘janiyazov rahbarligida ilk bor qisqa muddatli arxeologik ishlar olib borildi, olim Taxiatoshda topilgan qal’aning yoshi 1800-2000 yillarga teng ekanligini tasdiqladi.

XIV asrda bu yerda hayot izdan chiqadi. Chunki Chingizxon askarlari Gurganj (Ko‘hna Urganch)ni suv ostida qoldirish maqsadida Jayhun daryosi oqimini o‘zgartirib yuborganida yo‘lidagi barcha qal’alar ham suv ostida qolgan edi.

Olimlarning ta’kidlashicha, o‘rta asr arab yozma manbalarida Mizdaqxon (Hozirgi Xo‘jayli tumani markazi) o‘zining hududi va aholi soni bo‘yicha Qiyat va Gurganjdan (Ko‘hna Urganch) so‘nggi Janubiy Orol bo‘yidagi uchinchi shahar ekani qayd etiladi. Mizdaqxon hududida 1200 ovul-qal’a bo‘lgan. Shulardan biri hozirgi Taxiatosh tumani hududida bo‘lgan. Ha, Taxiatosh shahri qadimiy shahar qurilishiga ega bo‘lgan hududda barpo etilgan. Unga 2000 yili shahar hududidan topilgan (Ketmonchi bobo mozori) eramizning II-IV, VII-IX, X-XIV asrlariga oid buyumlar misol bo‘la oladi. 2012 yili tog‘ boshidagi Ketmonchi-2 mozori qoshidan o‘rta asrlarga oid minora qoldiqlari ham aniqlangan edi.

Tarixiy manbalardan o‘rta asrlardagi xalqaro karvon yo‘lining bir qismi Buxoro – Varaxsha – Qizilqum – Shoraxan (To‘rtko‘l) – Kat (Shobboz-Beruniy) – Nuzkat – Vayxan – Nuqbog‘ – Mizdaqxon (Xo‘jayli) – Gurganj (Qo‘hna Urganch) yo‘nalishida o‘tgani ma’lum. Demak, Taxiatoshda suv ostida qolgan qal’a Nuqbog‘ (Toza bog‘) bo‘lishi mumkin, deya faraz qiladi olimlar.

Suv tagida yotgan saltanat

Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanidagi Qorateran ko‘lining ostida ham katta qal’a qolib ketganligi haqida rivoyatlar bor. Rivoyatga ko‘ra, hozirgi Qorateran ko‘lining o‘rnida podshohlik bo‘lgan. To‘rt tomonini tik jarlik o‘rab turgan teranlikda joylashgan podshohlikni hech bir dushman bosib olishga jur’at etmagan.

Bir kuni bitta cho‘pon yigit qirda adashib yurib, katta kosaga o‘xshash pastlikda joylashgan ushbu podshohlikka kelib qoladi. Podshohning juda go‘zal qizi bo‘ladi. Yigit uni sevib qoladi. Qiz ham unga moyillik bildiradi. Kunlarning kunida cho‘pon yigit podshohlikni o‘marish niyatida yurgan g‘araz niyatli odamlar bilan uchrashib qoladi va qaroqchilar uning miyasini zaharlay boshlaydi. “Podshoh senga qizini bermaydi. Sening yo ota-onang yo‘q, yo mol-mulking yo‘q. Qizni qirga olib qochib chiq”, deydi qaroqchilar. Yigitning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushadi. So‘ng podshohga borib qizini yaxshi ko‘rishini bildirib, turmush qurishiga izn berishini so‘raydi. Lekin, podshoh uni so‘kib-so‘kib podshohlikdan haydab yuboradi. Qaroqchilar haq bo‘lib chiqadi. Cho‘pon yigit podshohdan o‘ch olishni o‘ylay boshlaydi.

Shu payt Orol dengizi podshohlik joylashgan yerga yaqin kelib qoladi. Suv bosib ketmasligi uchun tarnov qurilib qo‘yilgan ekan. Qizini bermagan podshohga achchiqlangan yigit tarnovni ochib yuboradi. Suv otilib chiqib hamma yoqni suv bosadi. Shunday qilib, podshohlik ham, u yerda yashovchi aholi ham suvning tagida qolib ketadi. Yigit bilan qizning ustiga tog‘ qulab, ular ham shu joyda halok bo‘ladi.

Rivoyat o‘z yo‘liga. Lekin, ko‘lda ov qurgan baliqchilarning to‘riga ko‘hna olamga tegishli ko‘plab buyumlar ilikib chiqqani bo‘yicha ma’lumotlar bor. Nomidan ma’lum bo‘lganidek, Qorateran ko‘lining tubi ko‘rinmaydi. O‘tgan asrning 60-yillarigacha toza daryo suvi tushib turgan ko‘lga keyinchalik kollektor suvlari quyila boshladi, suv osti yanada qorong‘ulashib ketdi. Mag‘rur ko‘l tarix sirini bag‘riga bosib ochmasdan yotibti.

Orol Atlantidasi

2000 yillar boshlarida Orol dengizining Qozog‘iston qismidagi suvi qurigan maydonidan, ya’ni Sirdaryoning dengizga quyib turgan joyidan taxminan 45-50 km ichkarida tarixiy yodgorliklar topildi. O‘tgan asrning 60-yillarida bu joyda 18 metr balandlikdagi suv bo‘lgan. Qurigan dengiz ostidan topilgan tarixiy shahar butun jamiyatni hayratga soldi. Topilgan keramik idishlar esa XIII-XIV asrga tegishli bo‘lib chiqdi. Dengiz ostida qolgan ushbu shaharga Kerderi deb nom berildi. Hayron qolarlik jihati u yerdan masjid, buyumlari bilan dafn qilingan bo‘yi ikki metr keladigan yirik odamlarning qabrlari chiqdi.

Mazkur topilmani dunyo arxeolog olimlari “Orol Atlantidasi” deb atadi.

Demak, bu shahar Amudaryoning Kaspiyga oqib turgan paytida solinib, keyin qaytadan Orolga kela boshlaganida suv ostida qolib ketgan. Turkshunos olim, professor Auyelbek Qo‘ng‘irotboyevning ta’kidlashicha, Orolning ostida shunday 40 ta qal’a qolib ketgan.

Adaq qal’a qayerda?

Xorijiy sayyohlarga gidlik xizmatini ko‘rsatadigan, nukuslik Oktyabr Dospanov bir kuni Orolning qurigan tubidan, ya’ni, ayni paytda saksovulzorga aylantirilayotgan Surgul massividan qadimiy buyum qoldiqlarini topib olganini menga aytgan edi.

– “Surgul” nomi bu “Sho‘r ko‘l” degan so‘zdan kelib chiqqan. Chingizxon istilosidan keyin Amudaryo Sariqamish ko‘liga quyilgan paytlarda Orol dengizi shiddat bilan qirg‘oqlarini tashlab qochgan. Shu paytda odamlar suvni quvib yashagan va tabiiyki, ovul-qal’alar qurib borgan. Suv tortilib borib sho‘r ko‘lga aylanib qoladi, xuddi hozirgi dengizning qolgan qismi kabi. Dengizning qurigan maydonidan esa hattoki karvon yo‘llari ham o‘tgan. XVI asrga kelib Amudaryo qayta Orolga quya boshlagandan keyin qurilgan bino-inshootlar, qal’alar dengiz ostida qolib ketadi. Hozir dengiz o‘rni qayta ochilib qoldi, biz topgan buyum qoldiqlari ehtimol shu zamonlar merosidir, - deydi u.

Orol dengizi ostida Adaq nomli katta qal’aning qolib ketganligi haqida ilmiy qarashlar bor.

Qoraqalpog‘istonlik marhum arxeolog olim X.Yesbergenov o‘zining «Qo‘ng‘irotning tarixiy va madaniy esdaliklari» kitobida Mo‘ynoqdagi “Toqmaq ota” qabristonida qadimiy bir qulfitoshda “Adaq” haqida yozilgan bitta qadimiy qo‘shiqga e’tibor qaratadi:

Aslimni so‘rasang Adaq ichida,

Ala buyrak edim Adjar ichida.

Ushbu qo‘shiq qatorlaridan Adaq qal’aning haqiqatdan ham mavjud bo‘lganligi anglashiladi, deydi olim. Olimning fikricha, qo‘shiqdagi Adaq – tarixiy qal’a. Sariqamishga yaqin 16-17 km masofada Adaq degan qal’aning qoldiqlari hozir ham bor. XV-XVI asrlarda Uzboy bo‘ylarida istiqomat qilgan xalqlarni adaqliklar deb atashgan. Adaq qal’asi Sariqamish qirg‘oqlarida XIV-XV asrlarda, Amudaryo Sariqamish ko‘liga quyib turgan davrlarda paydo bo‘lgan. So‘ng XVI asrdan boshlab Amudaryo qaytadan avvalgi asosoiy o‘zani bo‘yicha Orol dengiziga oqa boshlagan vaqtlarda adaqliklar suvni yoqalab Orol dengiziga qarab ko‘chgan.

Qoraqalpoq demokratik shoiri Berdaqning tug‘ilib o‘sgan Aqqal’a qishlog‘i aslida Adaq qal’a bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya tahmin qiladi olimlar. Lekin, suv ostida qolib ketgan qal’alar taqdiri hanuz boshi ochiq qolayotgan mavzulardan biri sanaladi.

Ye.Qanoatov, O‘zA