Markaziy Osiyo mintaqasi uchun suv masalasi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy-siyosiy ahamiyatga ham ega. Poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda suv muammolari” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Blue Peace Central Asia” tashabbusi doirasida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu uchrashuv mintaqada suv va iqlim bo‘yicha uzoq muddatli muammolarni muhokama qilish va hamkorlikni mustahkamlash uchun katta maydon vazifasini o‘tadi.
Seminarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 60 dan ortiq mutaxassislar, shuningdek BMT, Jahon banki, GIZ kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Seminar davomida strategik tahlil, moslashuv ustuvorliklari, suv diplomatiyasi, kichik transchegaraviy irmoqlar va malaka ko‘nikmalarini oshirish doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Ushbu seminar davomida ishtirokchilar 2025–2026 yillar uchun rejalashtirilgan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Muhokamalarda iqlim o‘zgarishi ta’siri, suv resurslariga ortib borayotgan bosim hamda muzliklarning qisqarishi oqibatida paydo bo‘layotgan xavf va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.
Guruh muhokamalari natijasida mintaqaviy moslashuv ustuvorliklari, shu jumladan moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari, ma’lumot almashinuvi, ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Yig‘ilishda hukumatlar, tadqiqotchilar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA