Suv omborlari xalqaro konvensiya roʻyxatiga kiritildi
Davlat ekologiya qoʻmitasida Navoiy viloyati hududida joylashgan Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlarining xalqaro Ramsar konvensiyasining roʻyxatiga kiritilishi munosabati bilan onlayn anjuman tashkil etildi.
Davlat ekologiya qoʻmitasida Navoiy viloyati hududida joylashgan Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlarining xalqaro Ramsar konvensiyasining roʻyxatiga kiritilishi munosabati bilan onlayn anjuman tashkil etildi.
Ramsar konvensiyasi kotibiyatining Osiyo va Okeaniya boʻyicha bosh maslahatchisi Reyko Iidzuka, Markaziy Osiyo boʻyicha Ramsar mintaqaviy tashabbuslarini muvofiqlashtiruvchi qoʻmitasi raisi professor Eldar Rustamov mamlakatimizning mazkur xalqaro konvensiya borasidagi ishlariga yuqori baho berdi.
Ramsar konvensiyasi talablaridan kelib chiqqan holda suvli-botqoqli hududlarni boshqarish rejasini ishlab chiqish va uni izchil amalga oshirish, suv havzalaridan xoʻjalik faoliyatida foydalanishda tabiatni muhofaza qilish normalariga qatʼiy rioya etish, ekologik turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Videokonferensiya davomida Davlat ekologiya qoʻmitasiga Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlarining xalqaro Ramsar konvensiyasining roʻyxatiga kiritilganligi toʻgʻrisida rasmiy sertifikat taqdim etildi.
Mamlakatimiz xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaga 2001-yilda aʼzo boʻlgan edi. Shuningdek, Dengizkoʻl hamda Aydar-Arnasoy koʻllari tizimi ham Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kiritilgan.