Surxondaryo viloyatidagi tog‘li rekretsion hududlar, suv omborlari, daryo sohillari va ko‘llarda tabiatga zarar yetkazmagan holda zamonaviy ekoturizm maskanlari barpo etilib, ularning boy sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Janubiy Surxon suv ombori” hududida ham ekoturizm majmuasini bunyod etish uchun 15,7 gektar maydon ajratilgan. Loyiha qiymati 140 milliard so‘mlik turistik majmuani qurish va foydalanishda tabiiy muhitni avaylab asrash, yangi yashil maydonlar, ekologik talablarga mos yo‘l va infratuzilma tashkil etish, oqova suvlarni tozalash tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Yirik suv ombori hududida qad rostlaydigan zamonaviy ekoturizm maskanida kottej uylar, basseyn, avtoturargoh va avtomobillarni yuvish shoxobchalari, savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, suv usti ayvonlari qad rostlaydi. Sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘laklari quriladi. Baliqchilik yo‘lga qo‘yiladi. Atrofi yashil boyliklar bilan ko‘kalamzorlashtiriladi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun barcha qulaylik yaratiladi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov suv omborida bo‘lib, takomillashtirilgan loyiha taqdimoti bilan tanishdi. Kompleks uchun ajratilgan maydonlarni ko‘zdan kechirib, qurilish-obodonlashtirish ishlarini boshlab, tizimli, bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlarni berdi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, bundan 58 yil avval ishga tushirilgan “Janubiy Surxon” suv ombori dengiz satxidan 408 metr balandlikda joylashgan. Suv sathi yuzasi 65 kvadrat-kilometrni, to‘la suv sig‘imi 800 million kub-metrni tashkil etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri