Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suv ombori ekinlar parvarishiga xizmat qilmoqda
14:15 / 2024-01-19

Yil sayin suv tanqisligi muammosi sezilmoqda. Bu tanqislikni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar yaxshi biladi. Ayni paytda esa ushbu muammoga yechim izlanib, mavjud suv manbalaridan oqilona foydalanish choralari ko‘rilmoqda.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Ko‘ksaroy” sel suv ombori viloyatning asosiy suv manbalaridan biridir.  

Yurtimizda agrar soha, xususan, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi suv inshootlari barpo etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 2011 yilda qurilishi boshlangan suv ombori 2015 yilda foydalanishga topshirilgan.

Langar tog‘idan oqib tushuvchi soy, buloq va sel suvlari to‘planishidan hosil bo‘ladigan suv ombori 7,5 million kub metrgacha obi hayotni saqlash quvvatiga ega. Qariyb 80 gektar maydonni egallagan mazkur inshootda to‘planayotgan suv miqdori va tarkibini aniqlash, uni taqsimlash uchun zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.  

– To‘g‘onimizning balandligi 26 metr, eni 10 metr, uzunligi 434 metrni tashkil etadi, – deydi suv ombori mas’ul xodimi Komiljon Otaniyozov – Hozirgi kunda suv omborimizda yog‘mir va qorning erishidan hosil bo‘ladigan suvlar yig‘ilmoqda. Ayni paytda suv hajmi 640 ming kub metr. Kunlik kirib kelayotgan suv hajmi 7-8 ming kub litr atrofida. Suv omborida reykalar o‘rnatilgan. Suvning ko‘payishi va kamayishini shu reykalarga qarab aniqlaymiz. Kunlik ma’lumotni yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etib boramiz. Ushbu suv omborimizning qurilishidan maqsad aholi va hududdagi fermer xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan talabini qondirishdan iborat bo‘lib, vegitatsiya davrida suvni to‘g‘ri taqsimlashdir. Ayni paytda bu suv omboridan 1700 gektar yer maydoni sug‘oriladi.

Albatta, mazkur inshoot nafaqat ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashga, balki yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sel-toshqin va ofatlarning oldini olishga ham xizmat qiladi.  

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/7JftVnNhjDk" title="Suv ombori ekinlar parvarishiga xizmat qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev,  

O‘zA muxbiri